Mana qish faslining oxirgi o‘n kunligidamiz. Bu yilgi sovuq oylar davomida vodiyning uch viloyatida aholi kundalik ehtiyoji uchun eng dolzarb bo‘lgan elektr ta'minotida ijobiy jihatlar sezilgan bo‘lsa, tabiiy gaz ta'minoti bo‘yicha bu fikrni ayta olmaymiz.

O‘tgan uch oy davomida joylardagi muammolar to‘g‘risida juda ko‘p maqolalar yozildi. Tarmoq mutasaddilari ko‘rsatilgan kamchiliklarni tez fursatlarda bartaraf qilgan paytlar ham bo‘lganini aytib o‘tish joiz.

Har ikki soha vakillari bu yilgi qishdan hech nolimasliklari kerak. Sababi, mavsum davomida qorli, qirovli, qahraton sovuq kunlar deyarli bo‘lmadi. Agar tabiat o‘z kuchini ko‘rsatganida doimgidek gazchilar va elektr xodimlarining yelka qisib turganiga guvoh bo‘larmidik...

Oxirgi hafta davomida havoning biroz sovishi har ikki tarmoqda yana muammolar keltirib chiqarmoqda. Uch viloyatdagi aholisi tomonidan murojaatlar soni ham ko‘paygan. Ularning ayrimlari bilan tanishamiz:

“Men, Namangan viloyati Kosonsoy tumani A. Jomiy mahallasidan Nurillo Ahmedovman. So‘ngi kunlarda elektr ta'minoti yomon holatda. O‘tgan oyda har kuni bir-ikki soat o‘chib turar edi. Havo darajasi pasaygach, o‘chirishlar ko‘payib ketmoqda.  Bugun, 21 fevral kuni Kosonsoy markazida tushgacha elektr bo‘lmadi. Mana hozir kech soat 21:00da ham tuman markazida tok o‘chirilgan. uzilishlar juda ko‘p bo‘lyapti”.

“Sizlarga O‘zbekiston tumanidan murojaat qilyapmiz. Oxirgi ikki hafta ichi elektr ta'minotida uzilishlar ko‘payib ketdi. Kunduzi o‘chgani kamdek, kechki payt ayni ovqatga o‘tirganimizda yana bir-ikki soat o‘chishi ortiqcha. So‘nggi 5-6 kun ichida, kechqurun ikki marta 1 soatdan o‘chishni odat qildi. Kunduzi ham 4-5 soat elektr berilmaydi”, deydi Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Qaynar qishlog‘ida yashovchi Shukurjon Islomov.   

Andijon viloyatining qator tumanlarida ham elektr ta'minoti aholiga pand bermoqda. Paxtaobod tumani Qoraqo‘rg‘on mahallasida kuniga 5-6 martadan tok o‘chayotgani haqida xabar berishdi. Aholi vakillari ayniqsa, elektr kechki payt ayni oila ovqatlanadigan, bolalar dars qiladigan paytda o‘chayotganidan norizo. Afsuski, zimiston mahalla aholisi dodini  tuman elektr korxonasi eshitmayapti.

Bu holatga faqat energetiklar javob berishi kerakmi? Gazchilar-chi?

Qishda ijtimoiy tarmoq va aholi o‘z xonadonlarini isitish masalasi birinchi o‘rinda dolzarb masala darajasiga chiqadi. Ma'lumki, isitish uchun tabiiy gaz, ko‘mir va boshqa yoqilg‘i resurslari zarur. Tabiiy gaz ta'minoti vodiy viloyatlarida doimiy muammolar girdobida. Bu holatni turli shahar va tumanlardan kelayotgan juda ko‘plab murojaatlardan ham bilib olish mumkin.  Aholi shuning uchun isitish uchun bor kuchni elektrga bermoqda.