22:14 / 25.02.2019
3421

London jamoat transportida zararli oziq-ovqatni reklama qilish taqiqlandi

Foto: Ellie Robers

Londonning jamoat transport tarmog‘i nosog‘lom oziq-ovqatni reklama qilishga taqiqlov kiritdi. Bu haqda The Drum nashri yozmoqda.

Yangi siyosat yog‘, tuz va shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni metro, yer usti transporti, taksi, bekatlar va tarmoq nazorat qiluvchi boshqa joylarda reklama qilishni taqiqlaydi. Shahar shu tariqa bolalar orasida semirishning oldini olmoqchi.

Oziq-ovqat mahsulotining zararligi sog‘liqni saqlash vazirligining mahalliy bo‘limi mezonlari bo‘yicha baholanadi. Ballar  kompaniyalarga emas, balki alohida mahsulotlarga beriladi. Misol uchun, McDonald's metroda o‘z salatlarini reklama qilishi mumkin.

Baholashning bu tizimi tufayli taqiqlov ostiga beziyon mahsulotlar, jumladan pishloq va zaytun moyi ham tushishi mumkin, biroq alkogol reklamasiga yo‘l qo‘yiladi. Reklama posteriga tasodifan tushgan zararli mahsulotlar ham reklamaga taqiqlov kiritilishiga olib keladi: misol uchun, turistik kompaniyaning xot-dog ushlagan odamlar tasvirlangan bilbordi ham taqiqlov ostiga tushadi.

Top