16:40 / 04.03.2019
53722
Bahor. Allergiya mavsumi yaqinlashmoqda, undan qanday saqlanish mumkin?

Kun.uz o‘zining «Sog‘lom hayot» loyihasi orqali bugungi kunda ko‘p uchraydigan kasalliklar haqida foydali va kerakli ma'lumotlar berib o‘tishda davom etadi. Qishning sovuq kunlari nihoyalab o‘lkamizga fasllar kelinchagi — bahor kirib kelmoqda. Tabiiyki, ilk bahor kunlari inson organizmiga ta'sir qiladi. Moddalar almashinuvi kuchayadi. Ayniqsa, mart oyi boshlanishi bilan allergik kasalliklar avj oladi. Xo‘sh, allergiyadan qanday saqlanish mumkin? Tajribali shifokor bilan birgalikda allergiyaning oldini olish va undan qutulish bo‘yicha foydali ma'lumotlar berib o‘tamiz.

Shifokor Mohira Xolmirzayeva bilan ayni shu mavzuda suhbat qurdik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Allergiya nima?

O‘lkamizga bahor kirib kelmoqda. Shu munosabat bilan odam organizmida ham har xil o‘zgarishlar ro‘y beradi. Tashqi omillar ta'siri kuchayadi. Bu omillar natijasida yuzaga keladigan har xil o‘zgarishlar allergik holatlarning yuzaga kelishi va surunkali kasalliklarning avj olish davri boshlanadi. Allergiya — organizmga ta'sir qiladigan yoki tana bilan aloqada bo‘lgan, masalan, hayvonlarning juni, chang yoki ari zahri kabi moddalarga immun tizimining javobidir. Allergik reaksiyani keltirib chiqaradigan modda «allergen» deb ataladi. Allergen oziq-ovqat, ichimliklar va atrof-muhitda mavjud. Ko‘pgina allergenlar zararsizdir, ya'ni ko‘pchilikda bu moddalar allergiya chaqirmaydi.

Allergiya belgilari va alomatlari

Agar allergik inson allergen bilan to‘qnashganda, allergik reaksiya darhol yuzaga kelmaydi. Immun tizimi asta-sekin moddaga nisbatan sezgirlikni oshiradi. Vaqt o‘tib, tana o‘ziga xos yuqori sezgirlikka ega bo‘ladi — bu jarayon sensibilizatsiya deb ataladi. Sensibilizatsiya bir necha kundan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Ko‘pgina holatlarda sezuvchanlik jarayoni oxirigacha yakunlanmaydi va bemorda ba'zi alomatlar yuz beradi, ammo to‘liq allergik reaksiya kuzatilmaydi.

Immun tizimi allergenga ta'sir qilganda, yallig‘lanish va qo‘zg‘alish xususiyati paydo bo‘ladi. Belgilar va alomatlar allergen turiga bog‘liq. Allergik reaksiyalar ichakda (ovqat hazm qilish tizimi), terida, sinuslarda, havo yo‘llarida, ko‘zlar va burun yo‘llarida paydo bo‘lishi mumkin.

Foto: Shutterstock

Chang va changchiga allergiya simptomlari quyidagi belgilarga ega:

• Burun bitishi;

• Ko‘zlarning qichishi;

• Burundagi qichishish;

• Rinit;

• Ko‘zlarning shishishi;

• Ko‘zlarning yoshlanishi;

• Yo‘talish.

Teridagi allergiya simptomlari:

• Teri po‘st tashlashi;

• Qichishish;

• Teri quruqlashishi;

• Terida qizg‘ish toshmalar toshishi.

Allergiya rivojlanishi sabablari

Inson immuniteti allergenga patogen (tashqi zararli moddalar) deb javob beradi va uni begona bakteriya, virus, qo‘ziqorin yoki toksin kabi yo‘q qilishga harakat qiladi. Biroq allergen zararli emas. Shunchaki immun tizimi bu moddaga juda sezgir bo‘lib qolgan.

Allergiya bilan og‘rigan odam allergiya alomatlarida allergenni ayblaydi — do‘stining uy hayvoni, o‘simlik changi yoki changni. Biroq ular noto‘g‘ri fikrlashadi. Muammo allergenda emas, balki allergik odamning immun tizimidadir. Bundan tashqari daraxtlarning gullashi, havoning ifloslanishi, transport vositasidan chiqadigan zararli tutunlar, oqibatida ham odam organizmida ham har xil allergik holatlar kuzatiladi.

Allergiya rivojlanishi uchun xavf omillari

Tibbiyotda xavf omillari deb kasallik yoki bemor holatini yomonlashtiradigan omillar tushuniladi. Bu xavf odamning qilgan narsasidan kelib chiqishi mumkin. Misol uchun, chekish o‘pka kasalligi uchun xavf omilidir.

Quyida allergiyalar bilan bog‘liq xavf omillarining ayrimlari keltirilgan:

• Oilada allergiyaga duchor bo‘ladigan inson bo‘lishi — agar yaqin qarindoshingiz allergik bo‘lsa, allergiya rivojlanishi sizda ham kuzatilish ehtimoli mavjud.

• Bolalarda allergiya kattalarga qaraganda ko‘proq. Ijobiy tarafi shundaki, ko‘p bolalar ulg‘ayishi sari allergiyani yo‘qotishadi.

• Astma borligi — astma bo‘lgan odamlarda allergiya rivojlanishi ehtimoli ko‘proq;

• Quyosh nurining etarlicha ta'sir etmasligi —quyosh nurlari kam bo‘lgan hududlarda yashovchi bolalarning allergiya rivojlanish ko‘rsatkichlari yuqori ekanligini aniqlangan.

Allergiyani tashxislash

Allergiyani aniqlashning bir necha yo‘li bor. Shifokor bemorga allergiyaning kelib chiqishi, qachon paydo bo‘lishi, allergiya simptomlari haqida savollar beradi. Bundan tashqari, oilaning boshqa a'zolarida allergiya bormi, deb so‘raladi.

Allergiyalar uchun qator testlar mavjud. Quyida ba'zi misollar keltirilgan:

Qon tahlili— immunitet tizimi tomonidan chiqarilgan IgE antitanalari darajasini o‘lchaydi. Ushbu sinov ba'zida radioallergersorbent testi (RAST) deb ham ataladi.

Terini tilish testi ham turli antibiotiklarni qabul qilishdan oldin test sifatida tanilgan. Terini shpritsning uchi bilan tirnaladi va bu joyga biroz kamroq allergen qo‘llaniladi. Agar teri reaksiyasi bo‘lsa — qichishish, qizarish va shishish allergiya mavjudligini bildirishi mumkin.

Patch testi — dermatit bo‘lgan bemorlarda (ekzema) qo‘llaniladi. Belga shubha qilinayotgan allergen kerakli miqdorda maxsus metall disklarga qo‘yilib biriktiriladi. Shifokor 48 soatdan keyin terining reaksiyasini tekshiradi.

Allergiyani davolash usullari

Allergiyalar uchun eng samarali davolash allergen ta'siriga yo‘l qo‘ymaslikdir. Biroq, ba'zida allergendan to‘la qutulish mumkin emas. Bemorlarni ularning allergenlarini qanday to‘g‘ri aniqlashni bilish uchun ham o‘qitish muhimdir. Allergiyani davolashni turli usullarda davolash mumkin. Xalq tabobati orqali yoki turli dori vositalari orqali davolash mumkin. Men shifokor sifatida shuni maslahat berardimki, har bir inson o‘z organizmida kechadigan faoliyatni, hodisalarni o‘zi kuzatib, uni nazorat qilib borishi kerak. O‘zida shu allergik holatlarni bilgan inson bu omillardan o‘zini himoya qilish kerak. Masalan, quyosh nuri o‘tkir bo‘lganda quyoshdan himoyalanuvchi kremlardan foydalanish yoki quyoshni qaytaruvchi ko‘zoynaklarni taqish hamda havosi ifloslangan joylarda yurmaslikni tavsiya qilgan bo‘lardim. Yana shuni ta'kidlagan bo‘lardimki, inson vitaminga boy oziq-ovqatlarni ko‘proq istemol qilishi kerak. Bu esa organizmning immun tizimini yaxshilab, kasallikka chalinishni oldini oladi. Eng yaxshi davo to‘g‘ri ovqatlanish va sport bilan shug‘ullanishdir. Bundan tashqari inson o‘zida allergiya alomatlarini his qilsa albatta shifokor ko‘rigidan o‘tish kerak.

Allergik kasalliklar va boshqa kasalliklarning bir-biridan farqi qanday?

Insonda shamollash holatida yoki allergik kasalliklar avj olganda belgilar bir-biriga o‘xshaydi. Bunda aholi ko‘pincha ajrata olmaydi. Unda allergik holat ketyaptimi yoki gripp virusimi? Bunda albatta shifokor ko‘rigiga borish kerak. Shifokor undan so‘rab, bu kasallikmi yoki allergiya aniqlab beradi. Gripp belgilari va allergiya belgilarini taqqoslab, shunga ko‘ra tashxis qo‘yilib davolanadi. Asosiy farqlovchi belgilaridan biri allergik holatlarda tana harorati ko‘tarilmaydi.

Top