10:53 / 05.03.2019
24272

O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarning 110 mingdan ortig‘i «amnistiya» qilindi

Foto: 123RF

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 20.04.2018 yildagi PF-5421-son farmoniga asosan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalari yoki qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha 2019 yil 1 mayga qadar bir martalik umumdavlat aksiyasi e'lon qilingan.

Joriy yil 1 mart holatiga o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarning 398 400 tasi bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlariga arizalar kelib tushgan va ulardan 112 425 tasi qanoatlantirilib, 48 405 tasi rad etilgan bo‘lsa, 234 235 tasi ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Bu boradagi ishlarni tashkil etish va amalga oshirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari huzurida tuzilgan komissiyalar zimmasiga yuklatilgan.

Masalan, Namangan viloyati bo‘yicha aksiya doirasida fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 15 761 ta uy-joyni xususiy mulk qilib olishga ruxsat berilgan bo‘lib, 21 mingdan ortiq uy-joyga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha komissiyalar tomonidan ish olib borilmoqda.

Prokuratura organlari tomonidan komissiyalar faoliyatida qonuniylikni ta'minlash ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish bilan birga, aksiya doirasida fuqarolarning xususiy mulk huquqlarini ta'minlash borasida ham bir qator ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Namangan viloyati, Pop tumani hududidagi Pop ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli jami 258 gektar yer maydonida 1 058 ta turar joylar bir necha yillar oldin o‘zboshimchalik bilan qurilgan bo‘lib, mazkur xonadonlardagi 1 152 ta oilada jami 4 858 nafar aholi istiqomat qilib kelayotgan bo‘lsa-da, ushbu yer maydoni o‘rmon xo‘jaligiga tegishli bo‘lganligi sababli, turar joy egalariga mulk huquqi berilmasdan kelingan.

Bosh prokuratura aralashuvi bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan mazkur yer maydonini Pop tumani hokimligi balansiga o‘tkazish haqida kelishuvga erilishib, Pop tuman hokimining joriy yil 18 fevraldagi 641-sonli qarori bilan o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi 258 gektar yer maydoni hokimlik balansiga olinishi ta'minlandi.

Ushbu yer maydonida o‘zboshimchalik bilan turar-joy qurgan 1 058 nafar fuqarolardan imoratlarga mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha murojaatlari qabul qilib olinib, ularning turar joylariga nisbatan mulk huquqini rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Top