8389.97 USD +11.93

9491.57 EUR +3.44

129.72 RUB +0.63

11082.3 GBP -51.27

10:53 / 15.03.2019 5662

Past Darg‘om tumani: Ikki oyda ichimlik suvi muammosi bo‘yicha sakkizta murojaat

Kun.uz tahririyatiga Past Darg‘om tumani, «Po‘latchi» mahallasida yashovchi Ne'mat Gulmurodov qo‘ng‘iroq qilib, mahalladagi yuzta xonadonga o‘n yildan beri ichimlik suvi kelmayotganidan shikoyat qildi.

«2009 yilda mahallamizga keladigan ichimlik suvi quvuriga shikast yetib, yuzta oila suv tarmog‘idan uzilib qolgandi. Mana, o‘n yil o‘tdi hamki muammoni bartaraf eta oladigan tashkilot yo‘q. 2017 yil tumanimizdagi xalq qabulxonasiga shikoyat qildim. 2018 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga bir necha marta murojaat qildim.

Tabiiyki, murojaatlarim tuman va viloyat «Suvoqova» korxonalariga kelaveradi. Ular esa faqat va'da berishadi. 2018 yil tuman hokimiga qilgan murojaatimga esa javob ham kelmadi.

2019 yilda viloyat teleradiokompaniyasida Samarqand viloyati hokimi tomonidan tashkillashtirilgan «Ochiq muloqot» ko‘rsatuviga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yana shu muammo yuzasidan murojaat yo‘lladim. Tegishli tashkilotlar mart oyida muammo bartaraf etilishini bildirgandi. Mart oyining yarmi o‘tdi. Ammo hech qanday ish boshlanmagani uchun Kun.uz’ga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldim. Axir, bu safar ham va'daga ishonib qolmaylik-da. Shikast yetgan 10 metr quvurni ta'mirlash uchun nahotki shuncha yil ketsa...», deydi u.

Po‘latchi mahallasiga boruvchi suv quvurining shikast yetgan qismi mana shu yo‘l ostida. Quvurning muhofaza hududi bo‘lmagani, har qanday turdagi avtomobillar bemalol o‘tib qaytavergani sababdan ham ko‘pgina quvurlar shu holga kelmoqda. Ammo mutaxassislarning fikricha, gap faqat o‘n metr quvurda bo‘lganida allaqachon muammoga yechim topilardi.

Muammo yuzasidan, Past Darg‘om tuman «Suvoqova» davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Olim Ochilov o‘z fikrini bildirdi:

— Afsuski, bir necha metr suv quvurini ta'mirlash bilan muammoni hal qila olmaymiz. Chunki suv quvurlari kamida 40 yillar oldin tortilgan, eskirib ketgan. Qolaversa, tuman markazidagi savdo do‘konlari, avtomobil to‘xtash joylari ham suv quvurlari muhofaza hududiga kirib kelgan. Bu esa avariya holatlari keskin ko‘payishiga sabab bo‘lyapti. Tumandagi aholining 67 foizi markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulangan. Yuqoridagi kabi sabablar bilan uzilishlar ko‘paygach, murojaatlar soni keskin oshib ketdi. Yillar davomida to‘planib qolgan muammo hisoblanadi bu. Bu yil ilk marta tumanda bir qator hududlarda ichimlik suvi muammosini bartaraf etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan. 2019 yil davomida qator mahallalar, jumladan, «Po‘latchi» mahallasida ichimlik suvi ta'minoti tiklanadi.

Tuman «Suvoqova» vakili yilning aynan qaysi oyida Po‘latchida suv ta'minoti tiklanishiga aniqlik kiritmadi. Po‘latchiliklar esa bu yilni ham umid bilan o‘tkazishmoqchi emas. Ne'mat Gulmurodov hech bo‘lmasa vaqtincha shikast yetgan quvurni ta'mirlash tarafdori. Fuqaroning ham gapida jon bor. Axir, shikast yetgan quvurlarni sozlash «Suvoqova» korxonasining asosiy vazifalaridan biri-ku? Avariya-tiklash xizmatlari shu maqsadda tashkil etilgan.

Yana bir gap. Mazkur muammo yuzasidan yuqori idoralarga javob berilarkan, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi «Ushbu mahalladagi suv quvurini ta'mirlash 2019 yil dasturiga kiritilgani, hozircha mahalla aholisiga maxsus texnikalar bilan jadval asosida yetkazib berilayotgani» ma'lum qilingan va shu bilan ish «yopilgan». Aslida esa...

— Afsuski, bu yolg‘on ma'lumot, — deydi N.Gulmurodov. — O‘tgan yillar davomida faqat bir martagina maxsus texnikada suv keltirishdi. Uni ham mening uyimga. Eng qizig‘i, suvni olayotganimda tuman «Suvoqova» xodimi suratga olayotgandi. Keyin bilsam, bu suratlar mening shikoyatlarim yuzasidan kerakli joylarga hisob berish uchun ekan.

Ehtimol, soha mas'ullari murojaatlarni qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin «tinchitish» emas, xalqni qiynayotgan muammoni bartaraf etish ustida bosh qotirishganda, bugun bu tumanda ichimlik suvi muammosi ildiz otib ketmagan bo‘lardi. Yuqoridagi «yondashuv» sabab bo‘lsa kerak, joriy yilning dastlabki ikki oyidayoq tumanning turli mahallalaridan viloyat va respublika tashkilotlariga 8 marta murojaat bo‘lgan. So‘nggi bir yil ichida aynan Past Darg‘om tumanidan ichimlik suvi bo‘yicha shikoyatlar soni jami 44taga yetgan. Endi aholi tuman hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan suv muammolari bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ijrosiga umid qilib turibdi. Ammo ijro etilarmikin?..

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Top