10:00 / 17.03.2019
8850
Angliya Kubogi. «Siti» 0:2 hisobini g‘alabaga aylantirdi, g‘alaba goli ofsayddan urildi

Angliya Kubogining 1/4 finali Chempionship vakili «Suonsi Siti» «Manchester Siti»ni qabul qildi. Suonsidagi «Liberti» stadionida kechgan uchrashuv 3:2 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘ldi.

O‘yindagi birinchi gol muallifi «Suonsi» yarimhimoyachisi Mett Graymz bo‘ldi, u 20-daqiqada penaltidan unumli foydalandi. Tanaffusga qadar mezbonlar hujumchisi Bersant Tselin ikkinchi golni urdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida «Manchester Siti» havbeki Bernardu Silva birinchi javob golini urdi. 78-daqiqada mezbonlar darvozaboni Kristoffer Nordfeldt o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yib, hisob tenglashishiga sababchi bo‘ldi. Serxio Aguero o‘yin oxirida «shaharliklar»ga g‘alaba keltirgan golni urdi.

Ammo videoda ko‘rish mumkinki, argentinalik hujumchi gol urayotganida ofsayd holatida bo‘lgan.

O‘yindan keyin mehmonlar ustozi Xosep Gvardiola uchinchi gol ofsayddan urilganini tan olgan.

«Yarim finalga chiqqanimiz zo‘r bo‘ldi. Angliya Kubogida juda ko‘p jamoalar qatnashadi. Biz shu bosqichgacha yetib kelganimizdan xursandmiz.

O‘yin aqlbovar qilmas darajada kechdi. Biz yaxshi boshladik, ammo o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Keyin esa ikkita gol o‘tkazib yubordik. Tanaffusda biz gol urishimiz kerakligini muhokama qildik. Darvozabon zo‘r o‘ynadi! Biz qancha zarba yo‘llaganimizni ham hisoblay olmay qoldim. Angliya Kubogida har qanday natija ro‘y berishi mumkin.

«Suonsi»ning holatini his qilib turibman, u yerda ofsayd bor edi. Afsusdaman. Lekin tushunmayman, nega stadionda VAR qurilmasi yo‘q. Umid qilamanki, keyingi mavsumda VAR bo‘ladi», — degan Gvardiola BBC uchun intervyusida.

Qayd etish kerakki, Angliya Kubogi o‘yinlarida videotakrorlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bunday qurilmalar o‘rnatilishi faqat Angliya Premer-Ligasi ishtirokchilari uchun majburiy sanaladi. «Suonsi» esa ayni vaqtda chempionshipda ishtirok etmoqda.

«Manchester Siti» Angliya Kubogida ishtirokini davom ettiradi, «Suonsi» turnirni tark etdi. Bungacha Angliya Kubogining 1/2 finaliga «Uotford» va «Vulverhempton» yo‘l olgandi. Bu jamoalar mos ravishda «Kristal Pelas» hamda «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etishgandi. Yarimfinalning yana bir ishtirokchisi «Milluol» va «Brayton» uchrashuvida aniqlanadi.

Top