13:37 / 18.03.2019
21521

Yil boshidan buyon o‘zbekistonliklar «inomarka»larga 90 mln dollar sarflashdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda yengil avtomobillar importi hajmi 90 million dollardan oshdi. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlari darak beryapti.

Yanvar-fevral oylarida mamlakatga 90,5 mln dollarlik avtomobillar import qilindi, bu o‘tgan yilning yanvar-fevraliga nisbatan qariyb to‘rt baravar ko‘p. Taqqoslash uchun, 2018 yil davomida yengil avtomobillar importi 319 million dollarni tashkil etgandi.

Yuk mashinalari importi faqat 66,6%ga oshdi, qishloq xo‘jaligi mashinalari esa qariyb 8%ga kamaydi.

Chet el avtomobillari importining o‘sishi aynan yanvar oyida qimmatbaho xorijiy mashinalarni olib kirish yengillashtirilgani bilan bog‘liq - agar avtomobil 40 ming dollar yoki undan qimmatroq tursa va ishlab chiqarilgan sanasidan ikki yil o‘tmagan bo‘lsa, unda unga nol stavkali boj va 20% aksiz solig‘i qo‘llaniladi.

Shuningdek, 1 yanvardan boshlab elektrmobillar olib kirishga nol stavkali boj va nol stavkali aksiz solig‘i o‘rnatildi.

Bundan oldin, O‘zbekiston ikki oyda importga 3,35 mlrd dollar sarflagani xabar berilgandi.

Top