09:10 / 23.03.2019
9824

Turkiya O‘zbekistondagi islom ilmiy maktablarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor

18 mart kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Mehmet Surayyo Er O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Elchi muftiy Usmonxon Alimov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov bilan muloqot o‘tkazgan.

«Muftiy hazratlari elchi janoblarini ushbu sharafli va mas'uliyatli vazifa bilan muborakbod etib, ulkan yutuqlar tiladilar. Mehmet Surayyo Erning elchilik davrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishi, bunda elchi janoblarining sa'y-harakatlari katta bo‘lishini bildirdilar», deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabarida.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov elchini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, ikki qardosh xalqlar azaldan do‘st bo‘lgani, oxirgi yillarda ushbu do‘stlik yanada mustahkamlanayotganini bildirgan. Shuningdek, rais ziyorat turizmini rivojlantirish, «Haj-Umra» tadbirlarini tashkil etish, diniy soha xodimlarining malakasini oshirish borasida o‘zaro tajriba almashish har jihatdan foydali bo‘lishini ta'kidlagan.

O‘z navbatida elchi o‘tgan ikki yarim yil ichida O‘zbekiston va Turkiya davlatlari aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani, ko‘p tomonlama aloqalar rivoj topgani, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda kelishuvlarga erishilganini alohida qayd etgan.

U O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va ilmiy maktablar ish boshlaganini alohida e'tirof etib, Turkiya mana shu maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va axborot resurs markazlarining faoliyatini yanada rivojlantirishga yaqindan yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.

Muloqotda tomonlar diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga oid turli masalalarni ham muhokama qilishgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Kalom, Hadis, Tasavvuf, Aqida va Fiqh ilmlari bo‘yicha 5ta maktab tashkil etilgan.

Mavzuga oid
Top