8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

12:30 / 10.04.2019 14823

«Kattaqo‘rg‘on maskasi». Tumandagi tokzorlar nega buzib tashlanmoqda?

Respublika qishloq xo‘jaligida uzumchilik sohasi ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois so‘nggi yillarda uzumchilikni jadal rivojlantirish, hosildorligini va mahsulot sifatini oshirish, xalqimizning uzumga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, eksportbop navlarni yaratish hamda yangi tokzorlarni tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Kattaqo‘rg‘on tumanida yetishtirilayotgan uzumlar ham o‘zining mazasi bilan ma'lum va mashhur. Xususan, uzumning «Kattaqo‘rg‘on maskasi» navi shu tumanda yaratilgan.

Tumanda uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari ham ko‘p. Uzumchilik aholining asosiy daromad manbalaridan biriga aylangan. Xo‘sh, ayni vaqtda tumanda bu borada qanday muammo yuzaga kelgan? Tokzorlar nega buzib tashlanmoqda?

«Kun.uz» tahririyatiga tumandagi shunday bir nechta fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan murojaat kelib tushdi.

«Bizning fermer xo‘jaliklarimizdagi tokzorlar hokimiyat vakillari tomonidan ayovsizlarcha buzib tashlanmoqda. MMTP raisi barchani mahalla fuqarolar yig‘iniga chaqirib, majburan ariza yozdirib olmoqda. Ba'zilar yozdi, ba'zilar yozmadi. Shunga qaramay, bizga hech qanday hujjat ko‘rsatishmasdan fermer xo‘jaligimiz hududidagi tokzorlarni traktor bilan buzishmoqda. Hech kimga hech qanday tushuntirish berilayotgani yo‘q», – deyiladi «Kattaqo‘rg‘on maskasi» MMTPga biriktirilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan kelgan murojaatda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, vaziyatga oydinlik kiritdik.

Dastlab, tumanning Polvontepa mahallasi hududidagi fermer xo‘jaliklaridagi holatni ko‘zdan kechirdik. Bu yerda 8 gektarlik tokzor tuman hokimi qarorlari bilan bir necha fermer xo‘jaliklariga taqsimlab berilgan ekan. Haqiqatan ham tokzorlar ayovsizlarcha buzib tashlangan. Tok tanalari bir chetda uyulib yotibdi. Fermerlarning esa fig‘oni falak.

«Yigirma yildan buyon uzumchilik sohasida ishlab, bunday shafqatsizlikni ko‘rmaganman. MMTP raisi Ilhom Muhammadiyev ichki ishlar xodimlari bilan kelib, «Yerni topshirasan, hokimning buyrug‘i bor, bo‘lmasa o‘zingga yomon bo‘ladi», deb majburlab ariza yozdirib oldi. Qolaversa, rais «shunday topshiriq bor», deb biror hujjat ko‘rsatmasdan dalaga traktor soldi. To‘sqinlik qilishimiz ham foyda bermadi. Ko‘rib turganingizdek, necha yillik mehnatimiz samarasini bir kunda ko‘kka sovurishdi», – deydi G‘ayrat Tojiyev.

Ushbu e'tirozlar yuzasidan «Kattaqo‘rg‘on maskasi» MMTP raisi Ilhom Muhammadiyev bilan bog‘landik va tokzorlar nega buzilgani, bu haqida biror hujjat yoki qaror bor-yo‘qligini so‘radik. Rais o‘zida hujjat yo‘qligini, ammo hokimiyatdan shunday topshiriq berilganini bildirdi. Kim topshiriq bergani haqida esa tayinli izoh ololmadik.

Shundan keyin «Yangi hayot» mahallasidagi tokzorlarni ko‘zdan kechirdik. 4 gektarlik tokzor buzilib, o‘rni tekis yer qilib qo‘yilibdi.

Shu yerning 2 gektar qismidagi tokzorga mas'ul bo‘lgan «Ilyosjon bog‘i» fermer xo‘jaligi rahbari Ilyos Norov o‘z e'tirozlari va bu holat yuzasidan hasratlarini bayon qildi.

«Bu qanday hol axir?! Shu yerdan oilamiz bilan daromad qilib kelayotgan edik. Bir kunda kelib buzib tashlashdi. Ishsiz qoldik. Har yil yaxshi hosil berib kelayotgan toklar ustiga shafqatsizlarcha traktor yurgizishdi. Oilamizni daromaddan ayirishdi. Endi nima ish qilishga hayronmiz. Ayni vaqtda Rossiyaga ishlash uchun ketish arafasidaman», – deydi I.Norov.

Ushbu mahalladagi 29 gektarlik tokzorga egalik qilayotgan fermer xo‘jaliklari raislari bilan ham suhbatlashdik. Bu yerdagi tokzor buzilmagan. Ammo fermer xo‘jaliklari raislarning ta'kidlashicha, «Kattaqo‘rg‘on maskasi» MMTP raisi Ilhom Muhammadiyev xonadonma-xonadon yurib, yerni topshirish haqida ariza yozishlarini talab qilayotgan ekan. Shuning uchun ular ham ayni vaqtda xavotirga tushib qolishgan.

Bizga murojaat yo‘llagan fermerlar bilan suhbatlashib, hududlarni ko‘zdan kechirganimizdan so‘ng vaziyat bo‘yicha izoh olish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligida bo‘ldik. Tuman hokimining qishloq xo‘jaligiga mas'ul o‘rinbosari Jamshid Nasriddinov bilan suhbatlashdik.

«Kattaqo‘rg‘on maskasi» MMTPdagi tokzorlar 260 gektarni tashkil etadi. Tokzorlardan unumli foydalanish va samaradorlikni oshirish maqsadida tegishli qarorga asosan 150dan ziyod fermer xo‘jaliklari tashkil etilgan edi. Har bir fermer xo‘jalikka 1-2 gektar tokzor tegishli. Barchasi o‘z hisob raqamiga ega bo‘ldi. Ammo ochig‘ini aytish kerak, bu o‘zining yetarlicha samarasini bermadi. Ayrim fermerlarning yerga, tokzorlarga bo‘lgan munosabati o‘zgarmadi. Shu bois, tuman hokimining tegishli qaroriga asosan ishchi guruh tuzilib, bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklarida monitoring olib borildi. Uzumzorlarda tup sonlari kam, talab darajasida agrotexnik ishlari amalga oshirilmagan. Toklar ancha yillar avval ekilgan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar yangi ko‘chatlar ekilmagan. Fermer xo‘jaliklari hisob raqamlariga ham belgilangan mablag‘lar qo‘yilmagan. Ishchi guruh xulosasi bilan talabga javob bermaydigan, samarali foydalanilmayotgan tokzorlar buzilmoqda», – deydi J.Nasriddinov.

Tuman hokimi o‘rinbosari ta'kidlashicha, «Kattaqo‘rg‘on maskasi» MMTP hududida 50 gektar tokzor buzilishi, o‘rniga boshqa ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.

Tuman hokimligi va uzumchilikka ixtisoslashtirilgan ayrim fermer xo‘jaliklari orasida ana shunday nizo yuzaga kelgan. Mutasaddilar fermer xo‘jaliklari raislariga jarayonni to‘g‘ri tushuntirmay, majburan ariza yozdirib olayotgani esa tushunarsiz holat. Tokzori yakson bo‘layotgan fermerlar esa nimaga bunday bo‘layotganini tushunmay fig‘oni falak.

Fikrimizcha, tuman hokimligi mutasaddilari tomdan tarasha tushgandek tokzorlarga traktor haydamasdan, bu masalada fermerlar bilan muloqot qilsa, holatni tushuntirsa, turli tushunmovchilik va nizolarning oldi olingan bo‘lar edi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi va lozim bo‘lsa, bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Top