17:38 / 27.04.2019
11770

General-mayor Bahodir Qurbonov general-polkovnik Vey Fenxe bilan muzokaralar o‘tkazdi

Bugun, 27 aprel kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a'zosi, mudofaa vaziri general-polkovnik Vey Fenxe boshchiligidagi XXR harbiy delegatsiyasini qabul qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda o‘zbek-xitoy hamkorligining mudofaa va harbiy ta'lim sohasidagi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi, harbiy-texnik yo‘nalishda o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashindi. Ikki davlat mudofaa idoralari mutaxassislari tomonidan turli yo‘nalishlarda tajriba almashish uchun muntazam ravishda amalga oshirilayotgan tashriflarining ahamiyati alohida qayd etildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston mudofaa vaziri mehmonlarni qizg‘in qutlab, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga 2017 yil may oyidagi davlat tashrifi  ikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochdi hamda o‘zbek-xitoy hamkorligi rivojlanishining tarixiy bosqichi bo‘lganini qayd etdi.

«Ikki tomonlama samarali hamkorlikning o‘tgan yillarini baholagan xolda ishonch bilan aytish mumkinki, Xitoy, bu – do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash aloqalari tobora mustahkamlanayotgan, ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkordir», – dedi general-mayor Bahodir Qurbonov.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston mudofaa idorasi boshlig‘i O‘zbekiston Xitoy bilan eng avvalo, har ikkala davlat uchun manfaatli, aniq amaliy ko‘rinishdagi qo‘shma hamkorlikni rivojlantirish borasida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishdan manfaatdorligini ta'kidladi. 

Ta'kidlash joizki, ikki mamlakat o‘rtasida harbiy ta'lim sohasidagi hamkorlik suratining o‘sishi muhim jihatlardan biri. O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi harbiy-ta'lim muassasalarida faol tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Xitoylik mutaxassislar esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy-ta'lim muassasalarida bir necha bor seminar va leksiya mashg‘ulotlarini o‘tkazgan. 

O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasida Xitoy Qurolli kuchlariga bag‘ishlangan zamonaviy, mazmundor mavzuviy sinfning tashkil etilgan. Joriy yilning sentabr oyidan e'tiboran, xitoyliklar tashabbusi bilan ushbu oliy harbiy ta'lim muassasasida xitoy tilini intensiv tarzda o‘rganish kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Kurslarga Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Konfutsiy nomli O‘zbek-xitoy instituti o‘qituvchilari jalb qilinadi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Yakunda O‘zbekiston va Xitoy mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2019 yilga ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi imzolandi.

Mavzuga oid
Top