8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

19:00 / 01.05.2019 12566

O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va imoratlar aniqlangan

Bugun, 2019 yil 1 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida «Respublikamizda yer ajratib berishning tartib va mezonlari hamda yer ajratish shaffofligi va samaradorligini ta'minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish «E-IJRO AUKSION» yagona savdo maydonchasida elektron auksionlar o‘tkazish yo‘li bilan 0,04 gektargacha maydon uchun amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda elektron savdolarga chiqqan yer uchastkalari soni bo‘yicha Jizzax viloyati yetakchilik qilmoqda. Shu paytga qadar respublika bo‘yicha 1,5 ming gektardan ortiq yer maydonlari bunday auksionlarga qo‘yilgan.

Shuningdek, tadbir davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazishni nazarda tutuvchi 461-qaror bo‘yicha ham ma'lumotlar berildi.

Ma'lum bo‘lishicha, respublika bo‘ylab 1 milliondan ortiq o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylar qayd qilingan. Oxirgi muddat hisoblangan 2019 yilning 1 may holatiga bunday mulklar egalaridan jami 269 mingta ariza qabul qilinib, qanoatlantirilgan. Yana 111 ming murojaatga ijobiy baho berilib, to‘lov undirish kutib turilibdi.

Aholining ko‘pchiligini murojaat qilishni muddatning so‘nggi kunlariga qadar kechiktirib yuborgani tufayli joriy yil aprel oyining oxirgi kunlari kadastr idoralarida katta navbatlar hosil bo‘lgan.

Top