8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

10:12 / 03.05.2019 3060

XVJ ekspertlari O‘zbekistonga budjet-soliq sohasi bo‘yicha qator tavsiyalar berdi

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) mutaxassisi Amanda Sayeg ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Amanda Sayeg XVJ moliya-menejmenti boshqarmasining Davlat moliyasini boshqarish bo‘limi iqtisodchisi va davlat siyosati va Davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha 15 yildan ortiq tajribaga ega.

Brifingda Amanda Sayeg O‘zbekiston bilan XVJ o‘rtasidagi budjet ma'lumotlarining ochiqligini oshirish va davlat moliya statistikasini tuzishni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari haqida taqdimot qildi. Taqdimotda 2018 yil iyun oyida XVJ tomonidan budjet jarayonining XVJ budjet-soliq sohasi ochiqligi kodeksi talablariga muvofiqligi bo‘yicha o‘tkazilgan baholash natijalari hamda 2019 yil mart oyida o‘tkazilgan ushbu baholashni yangilash natijalari haqida so‘z yuritildi. 

2018 yil iyun oyi baholash natijalariga ko‘ra mamlakatda XVJ budjet-soliq sohasi ochiqligi kodeksining 36 ta tamoyilidan 16 tasi asosiy yo‘nalishlarga yoki yuqori standartlarga javob berishini va ushbu yo‘nalishda aniq maqsadli ishlarni amalga oshirish zarurligini ta'kidlangan.

Dastlabki baholash yakunlariga ko‘ra, XVJ ekspertlari tomonidan berilgan taklif va tavsiyalarga muvofiq mamlakatda birinchi marotaba Fuqarolar uchun budjet axborot nashri chop etildi, Budjetnoma loyihasi rasmiy veb saytlarda e'lon qilindi,

Davlat budjeti birinchi marotaba o‘rta muddatga (2019-2021 yillarga) tayyorlandi va tasdiqlandi, budjet ochiqligini yanada ta'minlash maqsadida openbudget.uz ochiq budjet axborot portali ishga tushirildi.

Joriy yilning mart oyida XVJ ekspertlari tomonidan Budjet – soliq sohasida ochiqlik shaffoflik qayta baholandi. Budjet ma'lumotlarini oshkoraligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli, dastlabki o‘tkazilgan baholash bilan taqqoslaganda, XVJ kodeksining 8 tamoyili bo‘yicha ko‘rsatkichlar yaxshilandi. 2019 yil mart oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston XVJ budjet-soliq sohasi ochiqligi kodeksining 36 tamoyilidan 23 tasiga javob beradi.

XVJ ekspertlari tomonidan budjet-soliq sohasi ochiqlik yuzasidan mamlakatda amalga oshirilgan ishlar baholanib, kelgusida Davlat moliya statistikasi va budjet-soliq sohasi ochiqligini ta'minlash uchun bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Jumladan:

1) soliq-budjet hisoboti qamrovini va budjetning to‘liqligini oshirish. Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarga budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari va budjetdan tashqari jamg‘armalarning barcha moliyaviy oqimlarini kiritish.

2) hisobotlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda XVJ 2014 yilda ishlab chiqilgan Davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha tavsiyalari (GFSM-2014)ga muvofiq budjet tasnifini takomillashtirish. Ushbu ma'lumotlardan foydalanuvchilar, bu esa asosan investorlar hamda reyting agentliklari Davlat budjetining barqarorligi to‘g‘risida aniq fikrga ega bo‘lishlari hamda boshqa davlatlar bilan solishtirishlari uchun bu muhim hisoblanadi;

3) barcha budjet tashkilotlari va budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lar oqimini, jumladan chet el valutasidagi operatsiyalarini yagona g‘aznachilik hisob raqami bilan to‘liq qoplanishini ta'minlash,

4) budjetni boshqarish samaradorligini oshirish. XVJ tavsiyalariga ko‘ra, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga tushadigan barcha majburiy daromadlar (soliqlar va yig‘imlar) davlat budjetiga yo‘naltirilishi va odatdagi budjet jarayoni doirasida taqsimlanishi lozim. O‘rta muddatda budjetdan tashqari jamg‘armalarning maqbullashtirilishi (Pensiya jamg‘armasi, ishsizlik jamg‘armasi va Jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi mablag‘lari bundan mustasno bo‘lishi mumkin), ularning faoliyatini davlat budjetiga kiritish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Top