8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

15:36 / 04.05.2019 8616

Deputat fikri: Yashirin iqtisodiyotning kelib chiqish sabablari, jamiyatga ta'siri va bartaraf etish yo‘llari

Foto: Shutterstock

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Bu borada Prezident tomonidan farmon, qarorlar imzolanib, qonunlar qabul qilinmoqda. Eng quvonarlisi, tadbirkorlar erishgan o‘z sarmoyalari orqali oila budjetini, qolaversa, mamlakatimiz taraqqiyotini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgani e'tirofga loyiqdir. Ammo besh qo‘l barobar emas deganlaridek, hamma joyda ham mutasaddilar islohotlarni to‘laqonli amaliyotga joriy etmoqda yoki barcha tadbirkorlar ham yaratilayotgan imkoniyatlarni suiiste'mol qilmasdan qonuniy ravishda ishlamoqda deb ayta olmaymiz. Bu esa o‘z-o‘zidan mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotning ulushi ortishiga va davlatimiz iqtisodiyotini o‘sishiga salbiy ta'sir qilayotgani achinarli holdir.

Yashirin iqtisodiyotning o‘zi nima?

Yashirin iqtisodiyot bu iqtisodiy faoliyatni jamiyatdan yashirish va davlat tomonidan nazorat hamda hisoboti yuritilishi olib borilmasligini, shu bilan birga iqtisodiyotning kuzatib bo‘lmas va norasmiy qismidir.

Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, yashirin iqtisodiyot mavjud qonun va jamiyat qoidalarini chetlab o‘tuvchi jamiyatdagi fuqarolarning iqtisodiy aloqalari desak ham bo‘ladi.

Xo‘sh, yashirin iqtisodiyot qayerdan paydo bo‘ladi va qachon rivojlanadi?

U avvalo, jamiyatda iqtisodiy faoliyatni keng jamoatchilikdan yashirish uchun qulay bo‘lgan taqdirda va bunga sharoit mavjudligida paydo bo‘ladi.

Yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga quyidagilar sabab bo‘ladi:

soliqlarning oshirilishi;

turli xil litsenziya, sertifikat va ruxsatnomalar olinishida ko‘zda tutilmagan xarajatlarning mavjudligi;

xomashyo mahsulotlari yetkazib berilishida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar.

Yashirin iqtisodiyotda valuta qora bozorining o‘rni juda katta hisoblanadi. Bizning mamlakatda ham eng yirik naqd pul aylanmalari xorijiy valuta bo‘lmish AQSh dollarida amalga oshiriladi (noqonuniy yirik bitimlar, uy-joy, avtomobil oldi-sotdisi va boshqa ko‘plab tovarlar oldi-sotdisi yig‘indisi).

Bankdan tashqari aylanayotgan ushbu xorijiy valutaning milliy valutamiz so‘mga nisbatan yetkazayotgan bevosita zarari oxir-oqibat so‘mimizning qadrsizlanishiga o‘zining bilvosita ta'sirini ko‘rsatmoqda. Aksariyat mahsulotlarning chetdan naqd pulga sotib olib keltirilishi yoki xufyona bitimlar tufayli mahsulotlarning mamlakatimizga olib kirib sotilishi ko‘p jihatdan soliqdan yashirgan holda foyda ko‘rib ishlayotgan tadbirkorlar va ularni qo‘llab-quvvatlab turgan boshqa shaxslarga qo‘l kelmoqda.

Asosiysi, o‘z tadbirkorligi yoki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga, raqobatbardosh mahsulotlarning ishlab chiqilishiga misli ko‘rilmagan darajada ziyon yetadi.

Oddiy tushuntiradigan bo‘lsak, masalan tekstil fabrikasida tayyor holda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxi xufyona ishlab chiqarilgan mahsulotnikidan yuqori bo‘lishi tabiiy, sababi, fabrika xodimlarga ish haqi, ishlab chiqarishdagi asosiy vositalar amortizatsiyasi va shunga o‘xshash xarajatlarni qoplashi zarur. Bular esa mahsulot tannarxida o‘z aksini topadi.

Yashirin sexda ishlab chiqarilgan mahsulotning tannarxida bu xarajatlar yo‘qligi sababli, bozorda fabrika mahsulotining sotilishida qiyinchiliklar olib keladi.

Yashirin iqtisodiyotning ijobiy xususiyati

Rivojlangan davlatlarda yashirin iqtisodiyotning ijobiy taraflari ham kuzatilgan. Masalan, Yevropa mamlakatlarida turg‘unlik, krizis paytida ish o‘rinlari qisqargan sharoitda xodimlar norasmiy sektorlarda vaqtincha ishlab turganlar. Bu esa ushbu ishsiz qolgan xodimlarni och qolish va qiyinchiliklarga duch kelishdan saqlab qolgan.

Shuning uchun ham ayrim rivojlangan davlatlarda yillik yalpi ichki mahsulotning 14-15 foizi miqdorida yashirin iqtisod optimal hajm deb hisoblanadi.

O‘zbekiston iqtisodiyotida yashirin iqtisodiyotning ulushi qancha?

Yashirin iqtisodiyot hali hech bir mamlakatda yuz foiz yo‘q qilinmagan. Ayrim ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning YaIMdagi hajmi 50 foiz atrofida.

Agarda raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 2019 yilda respublikamizda Davlat budjeti daromadlar qismi 102,6 trln so‘mni tashkil qilmoqda. Yalpi ichki mahsulot qiymati 424 trln so‘m qilib belgilandi. Shunda ekspertlar fikriga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotning 50 foiz ulushi 212 trln.so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu summadan yashirin iqtisodiyotning optimal hajmi 15% (424*15%=64)ni chiqarib tashlanganda, 148 trln so‘m (212-64) mablag‘ iqtisodiyotdan tashqarida aylanayotgani ma'lum bo‘ladi. Agarda biz ushbu mablag‘ning belgilangan tartibda qonuniy aylanmasiga erisha olsak, Davlat budjetiga soliqlar to‘lanishi natijasida qo‘shimcha o‘rtacha 15-20 trln.so‘m (2,3 mlrd AQSh dollariga teng) mablag‘ tushirilishi mumkin.

Bugungi kunda bitta umumta'lim maktabini yangitdan qurish uchun o‘rtacha 5 mlrd so‘m mablag‘ sarflanadi. Demak, bir yillik yashirin iqtisodiyot keltirayotgan zararga teng mablag‘ni 4 mingga yaqin umumta'lim maktablari qurish yoki aholi turmush sharoitlarini yanada yaxshilash uchun yo‘naltirish imkoni paydo bo‘ladi.

Shuningdek, yashirin iqtisodiyotning jamiyatdagi ta'siri bu avvalambor jamiyatning daromadlari qayta taqsimlanishida kamchilik guruhlari (yashirin tadbirkor va ishbilarmonlar) ko‘pchilikka nisbatan ortiqcha taqsimlanishi natijasida aholining o‘ziga to‘q va kam ta'minlangan qatlami o‘rtasidagi tafovutning oshishiga olib keladi.

Yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish yo‘llari

Bu masalada rivojlangan davlatlarning bosib o‘tgan yo‘llari chuqur tahlil qilinib, o‘zimizga mos bo‘lgan yo‘nalishlarga tayanib, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim deb o‘ylayman.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotning ulushi va ta'sirini minimal darajada kamaytirishga erishilgan. Bu esa oddiy aholi turmush darajasi yuqori darajada bo‘lishiga zamin yaratgan.

Avvalo, yashirin iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarni asta-sekinlik bilan qonuniy belgilangan tartibda ishlashga o‘rgatishimiz lozim bo‘ladi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullangan va o‘z daromadlarini yashirgan barcha tadbirkorlik sub'yektlariga amnistiya qo‘llash, ya'ni belgilangan amnistiya muddati ichida tadbirkorlar o‘z daromadlarini hech qanday to‘siqsiz va ortiqcha tekshiruvlarsiz qayd etib, legallashtirishlari hamda faoliyatlarini davom ettirishlari uchun qonuniy choralar ko‘rish maqsadga muvofiq.

O‘zbekistonda valuta qora bozorini yo‘q qilish uchun noqonuniy valuta qora bozorlarini qonuniylashtirgan holda belgilangan intervallar doirasida bozor narxlarida savdo qiluvchi valuta ayirboshlash shoxobchalarini tashkil qilish darkor. Naqd xorijiy valutani bemalol rasmiy soliq to‘lab faoliyat yuritadigan xususiy shoxobchalarda almashtirish imkonini berish kerak. Shundan so‘ng yashirin savdo qilayotgan valuta sotuvchilarni qattiq jazolash lozim.

Davlat tomonidan naqd pulsiz savdo qilayotgan tadbirkorlarga imtiyoz preferensiyalar berish orqali qo‘llab-quvvatlash mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligini yanada ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Masalan, rivojlangan davlatlarda bugungi kunga kelib naqd pul muomalasi maksimal darajada qisqartirilgan, barcha pul aylanishi bank orqali amalga oshirilishi davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga olib kelishi hech kimga sir emas.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning huquqiy asoslari

Mamlakatimizda keyingi ikki yil davomida yashirin iqtisodiyotning ta'sirini kamaytirish bo‘yicha bir qancha ishlar olib borildi, masalan 2017 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, 2018 yilda esa “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Korrupsiyaga qarshi kurash va sud huquq masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri barcha qonun va qonunosti hujjatlarida korrupsiya alomatlari mavjud bo‘lgan normalarni aniqlash va bartaraf etishdir.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida xam “yashirin iqtisodiyot”ning omillarini sohalar va tarmoqlar kesimida tahlil qilib, uni kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Unda:

iqtisodiy faoliyatni legallashtirish yuzasidan qo‘shimcha choralarni aniqlash;

soliq yukini kamaytirish va soliq ma'murchiligini takomillashtirish;

import qilingan tovarlarning hisobotlarini elektron tarzda shakllanishini ta'minlash;

naqd pulsiz hisob-kitobni rag‘batlantirish mexanizmini ishlab chiqish;

ayrim tovarlar uchun identifikatsiya markirovka qilishning yagona tizimini joriy etish va soliq organlari tomonidan mahsulotni hisobga olishning elektron bazasini yaratish;

elektron tijorat faoliyatini qonuniylashtirish va nazorat qilish mexanizmini joriy etish;

ko‘chmas mulk obektlari va avtotransport vositalari oldi-sotdisi va boshqa yirik miqdordagi bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblarni bank orqali amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratish;

tadbirkorlar faoliyatiga davlat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuvlar faktlariga qat'iy yo‘l qo‘ymaslik;

davlat organlari ishida shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash borasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar mujassamlashgan.

Shuningdek, valuta bozorini yanada erkinlashtirish, ya'ni valuta ayirboshlashdagi va sotishdagi asossiz cheklovlarni bartaraf etish, jumladan jismoniy shaxslarga naqd valutani sotish, investitsiya olib kirgan shaxslar uchun valuta repatriatsiyasini to‘liq joriy etish va valuta ayirboshlashni qonuniylashtirish kabi choralarni ko‘rish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga “Raqamli O‘zbekiston-2030” “yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi nazarda tutilgan. Unda davlat xizmatlarini ko‘rsatish, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, xizmat ko‘rsatish sohalarida raqamli transformatsiya qilish ko‘zda tutiladi. Biznes xarajatlari va ma'muriy yuklamani kamaytirish maqsadida ma'muriy tartib-taomillarni raqamlashtirish, barcha ma'muriy tartib-taomillarni xatlovdan o‘tkazib, yagona hujjatda jamlash hamda alohida qabul qilingan reglament va qarorlarni bekor qilish ko‘zda tutiladi.

Maqsud Qurbonboyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiya a'zosi,
Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Top