O‘zbekiston | 22:02 / 14.04.2020
3770
2 daqiqa o‘qiladi

«Adolat» partiyasi qiynalgan oilalarga yordam berish borasida hukumatga murojaat qildi

«Adolat» sotsial demokratik partiyasi hukumatga koronavirus pandemiyasi vaqtida qiynalgan oilalarga yordam berish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda partiya rasmiy saytida ma'lumot berilgan.

Fraksiya a'zosi Maqsud Qurbonboyev ijarada yashayotgan, kundalik daromadga qarab qolgan oilalar va xorijdagi migrantlar oilalariga foizsiz ssudalar, mikroqarzlar ajratilishi lozimligi to‘g‘risida taklif bilan chiqqandi.

«Deputatning munosabat va mulohazalari ijtimoiy tarmoqlar orqali qizg‘in muhokamadan o‘tkazildi. Ko‘p sonli internet tarmog‘i foydalanuvchilari deputatning mazkur taklifi o‘rinli ekanligini e'tirof etib, fraksiya a'zosi nuqtayi nazarini qo‘llab-quvvatladilar.

Deputat va partiya fraksiyasining boshqa a'zolari tomonidan ma'qullangan ushbu taklif joriy yilning 13 aprel kuni Bosh vazirga jo‘natildi. Maqolada tilga olingan aholi qatlamlariga moddiy ko‘mak berish masalasi endi hukumat doirasida ko‘rib chiqiladi», deyiladi partiya rasmiy saytida berilgan xabarda.

Ma'lumot uchun, 2019 yil sentabr oyi statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 8,9 foizni tashkil qiladi. Mamlakatda 5,7 millionga yaqin fuqaro rasmiy sektorda faoliyat yuritadi. O‘tgan yil sentabr oyidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2,6 milliondan ko‘proq o‘zbekistonlik mehnat muhojiri sifatida xorijda ishlashi aniqlangan.

Mehnat munosabat vaziri Nozim Husanov Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda chegaralar yopilgach, 500 ming fuqaro xorijga ishlagani keta olmaganini aytgandi.

Hukumat pandemiya sabab yuzaga kelgan inqirozning oldini olish maqsadida aksilinqiroz rejasi ishlab chiqqan, ammo kunlik daromad evaziga tirikchilik qiladigan, karantin sabab doimiy daromadidan ayrilganlarga yordam berish bo‘yicha rasman chora ko‘rilgani yo‘q.

AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov hozirgi holatda eng samarali yo‘l qiynalib qolgan odamlarga pul tarqatish ekanini aytgandi.

Mavzuga oid