8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

10:20 / 15.05.2019 7899

Filipp Brayant: AQSh O‘zbekistonga katta ishonch bilan qaraydi

Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant O‘zbekiston rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan xalqaro bozordagi hamkorligimiz, xususan, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyasini jalb etish yo‘llari, ilg‘or texnologiya imkoniyatlaridan foydalanish, qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdik.

Missisipi shtati qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston fermerlari bilan aloqa o‘rnatish, ular yetishtiradigan mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqish borasida hamkorlik qilish mumkin.

AQSh O‘zbekistonga katta ishonch bilan qaraydi. Mamlakatingiz faol tashqi siyosat olib bormoqda, bu yerda yangi erkinlik tuyg‘usi hukmronlik qilmoqda. Mamlakatingiz biznesni rivojlantirish uchun o‘z eshiklarini keng ochgan.

AQShning «SilverLeaf International» kompaniyasi o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha mamlakatingizning tegishli idoralari bilan kelishuv imzolagan edi. Yangi qo‘shma korxona paxtani ilg‘or texnologiyalar asosida yetishtirish va xomashyoni qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Biz, shuningdek, baliqchilik sohasida ham ish yuritamiz. Bu borada mamlakatingiz bilan texnika va texnologiyalar, tajriba almashishimiz, shu tariqa ikki mamlakat iqtisodiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shishimiz mumkin.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan tajriba va keng imkoniyatlarga ega. Mamlakatingizda agrobiznesni taraqqiy ettirish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Biz O‘zbekistonning sohaga oid universitet va kollejlari bilan ham hamkorlik qilish niyatidamiz.

O‘zbekistonga tashrif doirasida Toshkent, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida bo‘lamiz. Joylarda yurtingizning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan bevosita tanishish niyatidamiz.

Top