08:15 / 30.05.2019
6266

Budapeshtda katerlar to‘qnashuvi oqibatida 7 sayyoh halok bo‘ldi, 21 kishi bedarak yo‘qoldi

Foto: EPA-EFE/Zsolt Szigetvary HUNGARY OUT

Vengriya poytaxti Budapeshtda Dunay daryosida sayr katerining halokatga uchrashi oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, katerda janubiy koreyalik 33 sayyoh va ekipajning 2 a'zosi bo‘lgan. 7 kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lingan, 21 kishi bedarak yo‘qolgan. 

Kater 29 may kechki vaqt boshqa kater bilan to‘qnashgandan keyin suvga g‘arq bo‘lgan. Daryo bo‘ylab kemalar qatnovi qutqaruv ishlarini o‘tkazish uchun to‘xtatilgan, biroq maxsus xizmatlar ishlari kuchli yomg‘ir va oqim sababli murakkablashgan. Daryodagi suv harorati 10-12 daraja atrofida saqlanib turibdi, bu esa kater yo‘lovchilarining kuchli sovqotishiga olib kelgan.

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In 30 may kuni hukumatga halokat vaqtida yo‘qolgan koreyalik sayyohlarni topish uchun barcha vositalar va imkoniyatlarni qo‘llash vazifasini topshirgan. Ta'kidlanishicha, yaqin orada Vengriyaga janubiy koreyalik amaldorlar guruhi jo‘natiladi.

Top