8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

23:10 / 26.06.2019 4315

Kattaqo‘rg‘on tumani dehqonlari g‘alla rejasini bajarishdi

Foto: KUN.UZ

Kattaqo‘rg‘on tumani dehqonlari davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardilar. 258 ta fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi 8 926 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirgan g‘allakorlar davlat xirmoniga 25 ming 139 tonna o‘rniga 27 ming tonnadan ziyod sara don topshirishdi.

«G‘alla o‘rimiga kirishganimizdan beri jami g‘alla ekilgan maydonning 4 100 gektarga yaqin qismidagi hosilni yig‘ishtirib olib, davlatga g‘alla sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardik. Hozirgacha o‘rilgan maydonlardan olingan hosildorlik o‘rtacha 66,1 sentnerni tashkil etdi. Hali 48 foiz maydonda g‘alla bor. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan g‘alla xarid narxlarini sezilarli darajada oshirilganligi, ayniqsa 60 sentnerdan yuqori hosil yetishtirgan fermerlarning topshirgan har tonna g‘allasi uchun 1,5 million so‘mdan haq to‘lanishi hamda yagona yer solig‘idan imtiyozlar berilganligi ish samaradorligini oshirdi. Shuningdek, bu yil g‘alla uchun qulay yil bo‘ldi. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borilganligi mo‘l hosil garovi bo‘ldi. Qilingan samarali mehnatning natijasi tufayli har bir xo‘jalikda shartnomadan tashqari o‘rtacha 80-100 tonnadan g‘alla qolyapti», – deydi tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Azim Rizonov. 

G‘alla hosilini o‘rib olish uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Tumandagi “Qoradaryo sohili charog‘on”, “Behruzbek”, “Mangaron unumdor zamin”, “Usmon bobo” fermer xo‘jaliklarida davlatga g‘alla sotish rejasi 140-150 foizga uddalandi. “Yoqub bobo” fermer xo‘jaligi esa rejani salkam 200 foizga bajardi. G‘alla o‘rimida ishtirok etayotgan Ergashev Abduhomid,   Fayziyev Yunus, Rashidov Doniyor kabi kombaynchilar har kuni 25 gektargacha maydonidagi g‘allani o‘rishga erishib, boshqalarga namuna bo‘lmoqdalar.

Tumandagi Grant trans, Kattaming, Zarafshon, M.Ulug‘bek, A.Navoiy, M.Sultonov massivlari hududidagi xo‘jaliklarda g‘alla o‘rim yig‘imi qisqa muddatlarda va uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Joriy yil tumanda kelgusi yil hosili uchun 3 300 tonna sara urug‘lik g‘alla ham jamg‘arilishi ko‘zda tutilgan. 

Ayni paytda xalqimizning rizq-u nasibasi bo‘lgan g‘allani tez fursatlarda yig‘ishtirib olish uchun o‘rim-yig‘im ishlari avjida.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li tayyorladi.

Top