8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

18:25 / 02.07.2019 45737

Arnasoy tuman IIB rahbarlari fermerning otasini nega urdi?

«Belimga qo‘li bilan urdimi, oyog‘i bilan tepdimi, bilmay qoldim, boshim bilan mashina ichiga kirib ketdim...»

2019 yil 1 iyul kuni Kun.uz saytiga shoshilinch murojaat kelib tushdi. Unda Jizzax viloyati Arnasoy tumani IIB rahbar xodimlari g‘alla o‘rimini nazorat qilish chog‘ida fermerlardan birining otasini urgani, jabrdiyda tuman Markaziy shifoxonasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida ekani xabar qilingan edi.

Kun.uz muxbirlari 1 iyul kuni 18-00 atrofida Arnasoy tumani Markaziy shifoxona shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yetib keldi hamda jabrlanuvchining o‘g‘li Ahmedov Dilshod bilan uchrashdi.

So‘ngra, shifoxona Shoshilinch bo‘lim boshlig‘i Temur Nazarov jabrlanuvchining ahvoli bilan tanishtirdi.

«Ma'lum bo‘lishicha, bemor yuqori gipertonik qon bosimida yuradi. Avval mikroinfarktni ham boshdan kechirgan. Qolaversa, 2-darajali qandli diabet bilan ham xastalangan. Bu yerga keltirilganda qon bosimi 220-120 nisbatda baland bo‘lganligi uchun tezkorlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida jonlantirish xonasiga kiritdik. Kerakli muolajalar ko‘rsatdik», - deydi Temur Nazarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bemor bel sohasida kuchli og‘riqdan shikoyat qilgan. Rentgen qurilmasi yo‘qligi sababli uni Jizzax shahriga yoki Do‘stlik tuman markaziga olib borish talab etiladi. Ammo kuchli qon bosimi hamda asabi buzilgani bois uni ortiqcha harakatlantirish mumkin bo‘lmagan.

Biz shoshilinch yordam bo‘limi boshlig‘ining ruxsati bilan Ahmedov Mamatquldan bo‘lgan voqealarni so‘zlab berishni so‘radik. Uning aytishicha, Jizzax shahrida ishlaydigan o‘g‘li Dilshod unga qo‘ng‘iroq qilib, tuman hokimi uni post GAIda kutib turganini bildirgan. Tuman hokimi unga Arnasoy hosiliga bir ilojini qilib hissa qo‘shishni aytadi.

Tuman IIB boshlig‘i “GAI” (YHXB) boshlig‘iga “Kamaz” topib kelishni aytar ekan, Mamatqul akaning ham dalaga birga borishi kerakligini qistirib o‘tadi. Biroq kunning issiqligi, yuqori qon bosimi, qolaversa, bir karra mikroinfarktni boshdan kechirgan va 2-tip qandli diabetli xasta Mamatqul aka tobi yo‘qligini aytib, dalaga bora olmasligini bildiradi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari Misayev Akrom va serjant yordamchisi fermerning otasini dalaga majburlab olib borish uchun uni o‘zlarining mashinalariga mindirishga urinishadi.

«IIB boshlig‘i o‘rinbosari Akrom Misayev kelib, nega bormayman, deyapsiz, deb so‘radi. Sog‘liqning mazasi yo‘q, borolmayman, dedim. Dalaga borib, borini o‘rib ketaveringlar, dedim. Shunda u menga nega to‘g‘ri gapirmayapsiz, dedi. Men yana qanday to‘g‘ri gapiray, dedim. Qisqasi, shu yerda ikkimiz sen-menga bordik. So‘kishdik-qirilishdik.

Misayev, men sening ko‘zingga ko‘rsataman, borasan, dedi. Men yana bormayman, dedim. Serjant ikkovi nariroqda turgan mashinaga sudradi. Men bo‘pti, aytgan joyingga piyoda boraman, lekin mashinangga minmayman, deb, mashinaga qo‘lim bilan tiranib turdim. Shu orada, belimga qo‘li bilan urdimi, oyog‘i bilan tepdimi, bilmay qoldim, boshim bilan mashina ichiga kirib ketdim. Boshim oyoq turadigan joyda. Shunday qotib qoldim, chunki qattiq og‘riq berdi. Baraka topkur, balnisaga hayda, keyin gaplashasan, men bilan, qamasang-qamarsan, jonimni olmaysan-ku, dedim», - deya bo‘lgan voqea hodisalarni jabrlanuvchi sifatida so‘zlab berdi Ahmedov Mamatqul.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IIB boshliq o‘rinbosari Misayev, senga balnisani ko‘rsataman, deb post GAIga, IIB boshlig‘i oldiga olib borgan. Bu yerda IIB boshlig‘i Yoqub Akaboyev holatga xolis yondashish o‘rniga, e oqsoqol, turing, nega shantaj qilyapsiz, deya, Ahmedovni o‘rnidan turishga buyurgan. Jabrlanuvchiga ko‘ra, Misayev, bunaqa shantajchilarning ellikta-mingtasini ko‘rganmiz, deya ta'kidlagan.

Jabrlanuvchi tez tibbiy mashinasida tuman shifoxonasiga keltirilganda, IIB boshlig‘i, o‘g‘lini ishdan haydatmasam, bo‘lmaydi buning, nomerini topinglar tez, deb buyruq bergan. Shifoxona xodimlariga, bu shantaj deb, akt tuzib berasizlar, deya ko‘rsatma bergan.

Biz ushbu bo‘lib o‘tgan voqea qanday bo‘lganini IIB boshlig‘i Yoqub Akaboyev hamda o‘rinbosari Akrom Misayev fikrlarini tinglash uchun Arnasoy tumani IIBga bordik. Ammo boshliqning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Diyor Egamberdiyevning bildirishicha, ular g‘alla o‘rimida hududlarda ekan, shuning uchun IBB rahbarlari bilan uchrasha olmadik. Kapitan Diyor Egamberdiyevning ma'lum qilishicha, 102 raqamiga kelib tushgan ma'lumot hududiy tegishliligiga ko‘ra uchastka noziriga taqdim etilgan. Uchastka noziri Begzod Yo‘ldoshev jabrlanuvchidan va mazkur voqeaning boshqa ishtirokchilaridan kerakli ma'lumotlarni olib, №921 raqamli xat bilan ishni tuman prokuraturasi ixtiyoriga o‘tkazgan.

Shu o‘rinda fermer xo‘jaligi xususida ikki og‘iz. Ahmedov Mamatqulning uchinchi o‘g‘li Ahmedov Farxod nomidagi «Ahmedov Farxod chorvasi» fermer xo‘jaligi chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, unda bugungi kunda 30 bosh qoramol va 100dan ortiq qo‘y-qo‘zi bor. Ixtiyorida 16 gektar yerdan, 4 gektariga beda ekilgan, qolganiga arpa. Ob-havoning noqulay kelgani bois arpalar yotib qolgan, ko‘zlangan hosil olish imkonini bermagan.

Garchi chorvachilik fermer xo‘jaliklari bilan don topshirish bo‘yicha shartnoma qilinishi qonunchilikka zid bo‘lsa-da, «Do‘stlik don mahsulotlari» AJ bilan 2018 yil 15 sentyabrda va 2019 yil 9 fevralida davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan.

O‘ylaymizki, tuman prokuraturasi Arnasoy tumani IIB tomonidan 2019 yil 1 iyul kuni №921 son bilan ro‘yxatga olingan ishlar yuzasidan xolis tekshiruvlar olib boradi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi ham bu borada xizmat tekshiruvi o‘tkazib, natijasi bilan OAVni xabardor qiladi. 

Tolib Rahmatov

Muhammadjon G‘aniyev

Top