09:11 / 16.03.2024
5603

Yevrokomissiya noroziliklardan keyin fermerlarga imtiyozlar haqida e’lon qildi

Bryussel fermerlarni uchun ba’zi ekologik qoidalarni yengillashtirishga tayyor. Namoyishlar Yevropa parlamentiga saylovlar arafasida alohida muammoga aylandi. 

Foto: AP

Yevrokomissiya 15 mart, juma kuni Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi siyosatida bir qator Yevropa mamlakatlarida fermerlarning davom etayotgan noroziliklariga javoban yangi imtiyozlarni taklif qildi. Xususan, almashlab ekish, tuproqni muhofaza qilish va shudgorlash amaliyotiga oid ekologik qoidalarni yumshatish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, kichik fermer xo‘jaliklariga nisbatan ayrim nazorat choralari va jarimalarni bekor qilish taklif etilmoqda

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, bu imtiyozlardan asosiy maqsad Yevropa Ittifoqi fermerlari uchun ma’muriy yukni yengillashtirish va ularga muayyan ekologik sharoitlarni qondirishda ko‘proq moslashuvchanlik berishdir. «Qishloq xo‘jaligi siyosati o‘zgaruvchan voqelikka moslashmoqda», dedi fon der Lyayyen. 

Yevrokomissiya takliflari hali Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ma’qullanmagan. Tashabbus 26 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa qishloq xo‘jaligi vazirlarining yig‘ilishida muhokama qilinadi. 

YeIda fermerlar noroziliklari 

Oxirgi oylarda Yevropaning ko‘plab davlatlaridan kelgan fermerlar katta yo‘llarni to‘sib, keng ko‘lamli namoyishlar o‘tkazdi. Ushbu noroziliklar transport kechikishi tufayli biznesga o‘n millionlab yevro zarar keltirdi. Fermerlarning aytishicha, erkin savdo shartnomalari xorijdan tovarlar uchun adolatsiz raqobatga olib keladi. 

Bundan tashqari, yevropalik fermerlar yonilg‘i subsidiyalarining rejalashtirilgan qisqartirilishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan Yevropa Yashil bitimi doirasidagi qattiq ekologik qoidalar ularga katta yuk bo‘layotganini aytdi.

Yevropa Ittifoqida noroziliklar iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Yevroparlament saylovlari oldidan alohida muammoga aylandi, chunki o‘ta o‘ng partiyalar saylovchilarni jalb qilish uchun fermerlarning noroziliklaridan foydalanishga harakat qilmoqda. 

Mavzuga oid
Top