18:10 / 14.07.2019
23821

Ombudsman qiynoqlar bo‘yicha: Jazoni ijro etish muassasalarini Ichki ishlar vazirligidan ajratish kerak

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev Kun.uz'ga bergan eksklyuziv intervyusida tergov va hibsxonalarda ayblanuvchi, mahbuslarga nisbatan qo‘llanadigan qiynoqlar mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, bu sohada ijobiy o‘zgarishlar ko‘p kuzatilmoqda, shunga qaramay, jazoni ijro etish muassasalarini Ichki ishlar vazirligidan ajratish masalaga katta yechim bo‘la oladi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Fuqaro va huquq tartibot organlari munosabatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘pincha shaxslardan iqrorlik olinishi do‘q-po‘pisalar bilan amalga oshirildi, degan gaplarni eshitamiz. Ayrim paytlarda esa bu kabi holatlar, haqiqatan, aniqlanyapti. Sizningcha, bunday holatlarga qanday munosabatdasiz?

— Shaxsga ta'sir o‘tkazish, qiynoqlar bizga sobiq sovet davridan meros sifatida qolgan. Masalan, ayrim huquqni muhofaza qilish organlarida ishlab, hozir nafaqaga chiqqan tanishlarim bilan suhbatlarda eshitamanki, ularga jinoyat sodir etildimi, aniqlash vazifasi qo‘yilgan. Biroq qaysi yo‘l bilan ekanligi qiziq emas. Hammasi rejani bajarish uchun bo‘lgan. Shuning uchun ko‘pincha jinoyat qilmagan shaxslarning ham aybdor bo‘lib qolishi hollari aniqlangan.

— Ombudsman faoliyati jazoni o‘tash muassasalari bilan bevosita bog‘liq. Siz taqdim etayotgan hisobotlar va press-reliz orqali ham kuzatish mumkinki, jazoni o‘tash muassasalariga borib ahvolni o‘rganib qaytyapsizlar. Lekin bu vaziyat ijobiy tarafga o‘zgarishiga sabab bo‘lyaptimi?

— 2017 yildan boshlab to bugungacha bo‘lgan o‘zgarishlarni 30-40 yillik reformalar bilan solishtirish mumkin. Buni jarayonni shaxsan kuzatgan odam sifatida aytishim mumkin. O‘zgarishlarni saqlanayotgan mahbuslar huquqlari nuqtai nazaridan aytishimiz mumkin. Oldin ular murojaat qilish bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan bo‘lsa, hozir qonunda belgilandiki, ularning shikoyatlari 24 soat ichida vakilga, prokurorga yetib keladi. Ombudsman uchun ham, prokuratura uchun ham muassasada alohida qutilar tashkil qilingan. Va biz ularni faqatgina o‘z kalitimiz bilan ochamiz.

Ochiq aytish kerak, keladigan murojaatlar orqali mustaqillikdan keyin ham bu narsa (qiynoqlarning qo‘llanishi - tahr.) ko‘p ko‘zga tashlandi, deyish mumkin.

Lekin davlat rahbarining qiynoqlar masalasiga saylovdan (2016 yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi - tahr.) keyinoq e'tibor qaratishi va uning jamiyatimizdan yo‘qotilishi uchun qat'iy talab qo‘yishi biz uchun muhim bo‘ldi. Bundan 2 yil oldin qiynoqlar bo‘yicha hisobotlarimizni Oliy Majlisga taqdim qildik. Va bu bo‘yicha Senatning alohida palatasida huquqni muhofaza qilish organlarining va ombudsmanning ma'ruzalari eshitilib, tegishli xulosalar qilingan.

Shuningdek, Prezidentning 2017 yili qiynoqlar masalasini alohida farmon darajasida qabul qilgani ham alohida ahamiyatga ega.

Bugun ko‘pchilik fuqarolar bundan 5-6 yil oldin majburlash orqali sudlanganmiz, degan murojaatlar bilan kelishadi. Shuningdek, hozir ham ayrim hollarda qiynoq alomatlari borligini inkor qilmasligimiz zarur. Bunda vaziyat zudlik bilan o‘rganiladi va nazoratga olinadi.

Va amaldagi siyosatimizdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, bir necha yil ichida qiynoq tushunchasi butunlay iste'moldan chiqarilishi kerak. Chunki erkin va farovon davlat qurmoqchi bo‘lgan jamiyatda qiynoq mavjud bo‘lishi kerak emas.

Tizimli o‘zgarishlar allaqachon amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, har qanaqa darajadagi noqonuniylik ham, albatta, internet orqali jamoatchilik e'tiboriga tushyapti.

Masalan, Bo‘kadagi o‘z joniga qasd qilgan shaxs haqida xabarlar tarqalib ketdi. Shundan keyin xodimlarimiz borib vaziyatni o‘rganishdi. U shaxs oldin bir necha bora sudlangan, keyin o‘z joniga qasd qilgan. Hozir sog‘ligi yaxshi, tibbiyot xodimlari kuzatuvida. Prokuratura ham holatni o‘z nazoratiga olgan.

Shuningdek, Davlat rahbarining ko‘rsatmasi bilan Ichki ishlar vazirligi alohida dastur qabul qilgan. Unga muvofiq hamma jazoni o‘tash muassasalarida ta'mirlash va qurilish ishlari olib borilmoqda. Ozodalik, ovqatlanish sharoitlari doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.

Kitoblar ta'minoti uchun ham alohida mablag‘ ajratilgan. Hozir hatto muassasalardagi shaxslarning kitobxonlik darajasi ham oshganini ko‘ryapmiz.

Aslida, jazoni o‘tash muassasalari Ichki ishlar vazirligi qoshida ekanligi ham bizga sobiq Ittifoqdan meros mexanizm. Lekin ekspertlarning fikricha, jazoni ijro etish tizimini Ichki ishlar vazirligidan ajratish kerak. ko‘pgina rivojlangan davlatlarda esa jazoni ijro etish tizimi Adliya vazirligi yoki alohida tuzilma sifatida faoliyat yuritadi. Bu degani tizimga hech qaysi tuzilma ta'sir o‘tkazmasligi kerakligini anglatadi.

Agar bizda ham shu tizim joriy etilsa, jazoni o‘tash muassasalaridagi ko‘pgina muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Top