O‘zbekiston | 12:51 / 11.01.2024
25871
2 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman Dauletmurat Tajimuratov bilan uchrashdi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Nukus voqealari bo‘yicha qamalgan Dauletmurat Tajimuratov jazo muddatini o‘tayotgan Navoiy shahridagi jazoni ijro etish koloniyasida monitoring o‘tkazdi.

Foto: Ombudsman

Monitoring tashrifi 5 yanvar kuni Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar berdi.

Tashrif davomida mahkumlar bilan suhbatlashilgan, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganilgan. 

“Mahkumlarning yotoq joylari ko‘zdan kechirilganida ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashildi. Suhbat davomida Tajimuratov oziq-ovqat ta’minoti yaxshiligini, qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari mavjud emasligini, kerak bo‘lgan vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Dauletmurat Tajimuratovning Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan huquqlari ta’minlamoqda. Unga alohida cheklovlar o‘rnatilmagan yoki imtiyozlar taqdim etilmagan. Shuningdek, o‘tkazilgan suhbat davomida mahbusga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib o‘tilgan.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularning o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid