08:45 / 20.07.2019
28432
Eron Britaniyaga tegishli tankerni qo‘lga oldi
Foto: EPA-EFE/TOMMY CHIA / STENA BULK

Islom inqilobi soqchilari korpusi Hurmuz bo‘g‘ozida Britaniyaning Stena Impero tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda Press TV telekanali xabar berdi.

Eron axborot agentliklarida ta'kidlanishicha, tanker xalqaro me'yorlarni buzgani sababli uni ushlashga qaror qilingan.

Stena Bulk & Northern Marine Management kompaniyasida voqea tafsilotlari aniqlashtirilgan. Ta'kidlanishicha, tanker hozir Eron sohillariga yo‘l olmoqda, ekipaj bilan aloqa yo‘q.

“Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Stena Impero kemasiga Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tishi vaqtida, xalqaro suvlarda bo‘lganida noma'lum suzish vositalari va vertolyot yaqinlashgan”, deb aytilgan xabarda. Kema bortida 23 kishi bo‘lgan. 

Britaniya vaqti bilan soat taxminan 16da tankerni kichik kemalar qurshab olgan. Shuningdek, tankerni ushlashda vertolyot ham ishtirok etgan. 

Tanker Shvetsiyaning Stena Bulk kemachilik kompaniyasiga tegishli bo‘lib, Britaniya bayrog‘i ostida suzadi. Kema Saudiya Arabistonining sharqidagi Al-Jubayl shahriga yo‘l olayotgan bo‘lgan. Bu hududda Fors ko‘rfazidagi bir qator neft konlari joylashgan. 

18 iyulda korpus patruli Fors ko‘rfazida “bortida millionlab tonna kontrabanda yonilg‘isi bo‘lgan” xorijiy tankerni ushlagan. Tehron tanker kimga tegishli ekani va qaysi davlat bayrog‘i ostida suzishini oshkor qilmagan, biroq keyinroq e'lon qilingan videoda kemada Riah yozuvini ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Top