07:07 / 26.07.2019
7132

Falastin Isroil bilan barcha imzolangan kelishuvlarni harakatdan to‘xtatdi

Mahmud Abbos / Foto: REUTERS/Mohamad Torokman

Falastin Isroil bilan imzolangan va amalda bo‘lgan barcha kelishuvlarni to‘xtatdi. Bu haqda Falastin muxtoriyati yetakchisi Mahmud Abbos hukumat yig‘ilishida ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda WAFA agentligi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomoni Quds shahri yaqinidaagi Falastin qo‘rg‘onini buzgani shunday qaror qabul qilishga sabab bo‘lgan. 

«Biz ustimizdan hukm qilishlariga bo‘yin egmaymiz va amalga oshirilgan ishlarga, xususan Sharqiy Quds holatlarga ko‘nikmaymiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi agentlik. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroilning Sharqiy Qudsda o‘zboshimchalik bilan Falastinga tegishli o‘nlab binolarni buzgani ortidan shunday qaror qabul qilingan.

Abbos «Isroil bosqinchi hukumati tomonidan qabul qilingan barcha qarorlar»ni noqonuniy deb baholagan. Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, «falastinliklarning qo‘li hamon adolatli, keng qamrovli va uzoq muddatli tinchlik tomon uzatilgan».

«Bu biz taslim bo‘lishga va bosqinchilar bilan birga yashashga tayyor ekanimizni anglatmaydi», — degan Mahmud Abbos, Falastin AQSh tomonidan Yaqin Sharq mojarosiga barham berishi nazarda tutilgan «asr bitimi»ni qabul qilmasligini uqdirgan. 

Abbosning so‘zlariga ko‘ra, Falastin va Isroil «savdo predmeti» bo‘la olmaydi va «ko‘chmas mulk obektlari ham emas».

Mavzuga oid
Top