11:32 / 26.07.2019
3465

Istanbul texnoparki O‘zbekistonda uchuvchisiz texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma laboratoriyalar tashkil etmoqchi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Istanbul shahrida innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Oybek Norinboyev va Istanbul texnoparki bosh direktori Bilol Topchu o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.

Memorandumda innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqotlarni hamkorlikda olib borish, ikki davlat olimlari, tadqiqotchilari va muhandislarining eng dolzarb ilmiy masalalarni birgalikda yechishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, xususan seminarlar, konferensiyalar tashkillashtirishga kelishildi. Ilmiy-texnologik parklar va inkubatorlarning faoliyatini rejalashtirish, rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha tajriba almashish, texnoparklar rezidentlarining xalqaro bozorga chiqishlarini ta'minlash,texnoparklarni malakali kadrlar bilan ta'minlash ham ikki tashkilot hamkorligi doirasiga kiritildi.

Tomonlar korxonalararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ikki tomonlama manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishdilar.

Istanbul texnoparki nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda Qatar, Rossiya, Xitoy, Angliya, Shveytsariya, Germaniya, Malayziya kabi mamlakatlarning kompaniyalar bilan hamkorlikda turli sohalarda loyihalar oshirib kelmoqda. Texnopark qoshida inkubatorlar va texnologiyalar transferi idoralari ham joylashgan bo‘lib, ularning barini Turkiya hukumati qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Texnopark 950 kv. m. maydonga ega 10 ta binodan iborat bo‘lib, u yerda yuqori texnologiyalarga asoslangan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 1500 ta shirkat faoliyat yuritadi. Ayni kunlarda texnopark doirasida taxminan 300 ta loyiha, 5000 ta startap amalga oshirilmoqda, bundan tashqari 44 ta savdo belgilariga standartlar ishlab chiqarilib, ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Imzolangan memorandum doirasida Istanbul texnoparki yurtimizda seysmik tadqiqotlar o‘tkazish, uchuvchisiz texnologiyalar, dron va termokamera tizimlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma laboratoriyalar, klasterlar, inkubatorlar tashkil etish, olimlar uchun hamkorlikda trening va stajirovkalar o‘tkazish nazarda tutilgan.

Top