2023 yil iyul oyida Farg‘ona viloyatidagi tadbirkorlar orasida innovatsion biznes g‘oyalarini (startap) amalga oshirish istagida bo‘lgan tadbirkorlar o‘rtasida tanlov e’lon qilingan. Loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, tanlovga Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan jami 128 ta ariza kelib tushgan. Ekspertlar ular ichidan texnik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan eng yuqori ball to‘plagan va moliyalashtirish hajmi tanlov shartiga muvofiq 20 000 AQSh dollaridan oshmagan 65 ta eng yaxshi g‘oya va startaplarni tanlagan.
Tanlov mezonlarida ko‘rsatilishicha, dasturning taxminiy yakunlanish jarayoni 2023 yil iyun oyida, subgrant haqida bitim imzolash iyun oyida, loyihani jadallashtirish dasturi esa 2023 yil iyul oyining boshi va dekabr oyining oxirigacha tugatilishi belgilangan.

Dastur g‘oliblarining Kun.uz'ga qilgan murojaatida aytilishicha, g‘oliblarning startaplari 2024 yilning yanvar oyiga o‘tilganiga qaramasdan hali moliyalashtirib berilmagan.
G‘oliblardan bir Saidazim Jo‘raxonovning aytishicha, Innovatsion rivojlanish agentligi xodimlari avgust oyida yutganlardan xususiy firma ochishni va startap uchun mablag‘lar shu firmaga tushirib berilishini ma’lum qilgan. Murojaat qilayotgan tomon aytilgan vaqtda firma ochib, soliqni to‘lashni boshlagan.
“Telegram guruhida bizdan firma ochishni so‘raganlaridan keyin firma ochdik. Kimdir 2 oy, kimdir 6 oy oldin firma ochgan. Va soliqlarni ham to‘layapti. Men tanlovning 2 yo‘nalishida g‘olib bo‘lganman. Firmalarim uchun soliq to‘layapman. Lekin hali ularni ishga tushirib, foyda olganim yo‘q. Soliqdan foydaga kirmagan firmam uchun to‘lov qilishim kerakligi haqida xat kelyapti”, – deydi Saidazim Jo‘raxonov.
Tanlovning yana bir g‘olibi Sevara Abdujabborova ham xuddi shu muammoga duch kelayotgani aytdi.
“Mening loyiham bolalarni sog‘lomlashtirish markazi ochish bo‘yicha edi. Vazirlikka va mas’ul tashkilotlarga qilgan murojaatlarimizdan keyin, erta-indin hal bo‘ladi deb ortga surib kelishyapti. Ayrim hollarda yozma murojaatlarimiz javobsiz ham qoldi”















