16:05 / 03.08.2019
17968

Maktabgacha ta'lim vaziri: «Bog‘cha mudiraligi lavozimi endi avloddan avlodga o‘tmaydi»

Foto: KUN.UZ

2 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha ta'lim vazirligi rahbariyati ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda yillar davomida maktabgacha ta'lim tizimida yig‘ilib qolgan muammolar hamda yaqin yillarda bu tizimda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Xususan, bog‘cha mudiraligi lavozimiga kadrlarning belgilanish jarayonidagi o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi.

“Ilgari bog‘cha mudiraligiga bir kishi 25 yillab o‘tirib olib, pensiyaga chiqqandan keyin ham bu lavozimni o‘z qizi yoki keliniga “meros” qilib qoldirishi holatlari odatiy bo‘lib qolgan edi. Lekin endi bu holatga chek qo‘yiladi. Mudiralarni ishga olish sub'yektiv shaklda emas, balki kuzatuv kengashlari ishtirokida amalga oshiriladi. Har bir guruhdan uch nafardan ota-ona, pedagoglar va mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari kiradigan kuzatuv kengashi bog‘cha mudiraligi lavozimiga nomzodlarni saralab oladi. Nomzodlar o‘z rejalari, tatbiq etmoqchi bo‘lgan yangiliklari haqida taqdimot qilishadi. Saralangan nomzod Maktabgacha ta'lim vazirligining hududiy boshqarmalariga taqdim etiladi va shu tarzda ishga tayinlanadi”, ─ deydi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.

Maktabgacha ta'lim vazirligi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yelena Tenga ko‘ra, 2030 yilgacha maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, avvalgi bog‘cha mudiralari maktabgacha ta'lim muassasasi direktori deb yuritiladi. Muassasa direktorlari vazirlik huzuridagi markazda zaruriy zamonaviy ko‘nikmalar asosida o‘qitilib, sertifikat beriladi. Ularning pedagogik, boshqaruvchilik salohiyati attestatsiyadan o‘tkazib boriladi. Ota-onalardan iborat bo‘lgan kuzatuv kengashi  direktorning ishidan qoniqmasa, uni ishdan bo‘shatish bo‘yicha vazirlik boshqarmalariga taklif bilan chiqishi ham mumkin bo‘ladi.

Top