9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

19:00 / 04.08.2019 120171

Hokimlar nega qonun oldida javob bermaydi?

Foto: KUN.UZ

Bosh vazir ta'biri bilan aytganda, o‘zbek tilida yangi so‘z paydo bo‘ldi – «snos». Oddiy xalq, tadbirkor hamda investor uchun qo‘rqinch va behalovatlikni anglatuvchi yangi so‘z hokimlarga aslo ta'sir qilmaydi. Harqalay, 3 avgust kuniga qadar shunday edi.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda Qashqadaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida bo‘layotgan buzishlar (yangi tilda «snos» deyiladi) aholining keskin noroziligiga sabab bo‘layotganini aytib, hokimlarga dakki berdi.

Prezident internetda noroziligini bildirib chiqayotgan xalqning bezovtaligini o‘qib, bilib, kabinetida tinch o‘tira olmasligini qat'iy ta'kidlagandi.

Prezident «Ermanovning qilgan «qilig‘i», Ro‘ziyevning qilgan xiyonati — bu madaniyatsizlik», deya baholagandi. Ularning internet orqali murojaat qilib, elga xatolarini tan olishi, hisobot berishi belgilandi. Ko‘p vaqt o‘tmay hokimlar birin-ketin xalqdan kechirim so‘rab chiqa boshladi.

Ajablanarli jihati shundaki, qariyb bir oy davomida Rishton tumanidagi buzish ishlari va jazirama issiqda boshpanasiz qolib, mutasaddilarning beparvoligidan aziyat chekayotgan farg‘onaliklar haqida ketma-ket maqolalar e'lon qilindi. Farg‘ona viloyat hokimi o‘shanda vaziyatga adekvat munosabat qilmadi. U xato va kamchilikni tan olmay, o‘z bilgancha ishlayverdi.

Xorazm viloyati hokimi esa Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolalardan tegishli xulosa qilolmadi, bu xalqning g‘azabini qo‘zitdi. Ikki oy boshpanasiz ko‘chadagi chaylada yashayotgan aholiga kompensatsiya ham bermay keldi.

Qashqadaryo viloyatida tadbirkor hokim o‘rinbosariga benzin sepib o‘t qo‘yib yuborganida ham viloyat hokimi voqea joyiga darhol yetib bormadi.

Faqat davlat rahbarining siyosiy irodasidan keyin, uning tanbehlarini eshitgach, yuqoridan topshiriq olib, xalqdan kechirim so‘rayotgan hokimlar aslida ham qilgan ishidan pushaymonmi?

Qonun ustuvorligini ta'minlash asosiy vazifasi bo‘lgan prokuratura xodimlari nega vaziyatga panja ortidan qarayapti? Axir mulk huquqini mensimay, odamlarni boshpanasiz qoldirgan, o‘rnatilgan tartibda xalqni rozi qilmay buzishlarni boshlagan rahbarlar javobgarlikka tortilmaydimi? Biz O‘zbekistonda barchaning qonun oldida teng javobgar ekaniga amin bo‘ldik-ku? Hokimlar kechirim so‘rasa, ularning qilmishlari unutiladimi?

Aslini olganda, xalq saylamagan, xalq bilan hisoblashmaydigan, Senatdan o‘rin egallab, ham parlament, ham ijro etuvchi hokimiyat vakillari bo‘lmish hokimlar faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish vaqti keldi. Ular nafaqat mahalliy deputatlar kengashi raisligi, balki Senatdagi o‘rnini ham bo‘shatishi lozim. Qaysi mantiq bilan qonun chiqarish va uni ijro etishni bir shaxs qo‘liga topshirish mumkin? Yana kamiga uning daxlsizlik huquqi bor.

Gap hokimlarning fundamental inson huquqlarini oshkora poymol etishi haqida bormoqda. O‘rnatilgan tartibda ishlarni bajarmay, davlat rahbari siyosatini xalqqa teskari targ‘ib etish haqida bormoqda. Modomiki, Prezident ularning faoliyatidagi kamchiligi aytib, kechirim so‘rashga majbur qilmaskan, vaziyat o‘zgarishsiz qolarmidi?

Shavkat Mirziyoyev tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish davomida Bosh vazir Abdulla Aripov hamda Administratsiya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga alohida topshiriq bergandi.

«Bu masalalar hali tinchigani yo‘q. Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berasizlar», — ularga yuzlangandi prezident.

Sir emas, jamiyatni qiynab kelayotgan masalalar aynan Prezident tomonidan yangragach, uni keng muhokama qilish urfga aylandi. Bosh vazir bu masalalardan shu vaqtgacha bexabarmidi? Nega hokimlarning haddan oshib ketishi, mamlakat obro‘siga zarar yetkazadigan ishlar qilishiga munosabat bildirilmadi? Shu bilan birga, Prezident Administratsiyasini boshqarib kelayotgan Zaynilobiddin Nizomiddinov davlat rahbari hamda mamlakat imijiga putur yetkazayotgan hokimlarga qarata o‘z vaqtida bir so‘z aytmaganmidi? Ularning jimligi nimani anglatishi bizga qorong‘i, lekin xalq bundan umidvor edi.

Kechirim so‘rash o‘z yo‘liga, lekin huquqiy fuqarolik davlatini qurmoqchi bo‘layotgan O‘zbekiston uchun barcha qonun oldida teng javobgar ekanini bildirish zarur. Mavjud vaziyat shuni talab etadi.

Alisher Ro‘zioxunov

Top