3 noyabr kuni Toshkent viloyati ma'muriy sudi bo‘kalik fermer ishini appelyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqdi. Bunga qadar, Bekobod tuman ma'muriy sudi uning arizasini qanoatlantirishdan rad etgandi. Appelyatsiya instansiya sudi arizachining shikoyatini qanoatlantirib, tuman hokimi qarorini bekor qildi.

Nuriddin Abdug‘afforov yerlarni optimizatsiya qilish siyosatidan aziyat tufayli yerini yo‘qotdi. Keyinchalik yerini olib qo‘yilishiga asos bo‘lgan tuman hokimining tegishli qarori ustidan prokuratura va sudga shikoyat qildi. Ammo uning o‘tgan ikki yildagi sa'y-harakati samara bermagan.

Nuriddin Abdug‘afforov 

Fermer o‘zining huquqiy jihatdan haq ekanini ko‘p marotaba isbotlamoqchi bo‘lgan. Masalan, 2019 yil 30 yanvarda Bo‘ka tumani hokimining 182-sonli qarorni qabul qilish uchun O‘zbekiston Yer kodeksining 36-moddasi 1-qismi talabi (Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishida yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish) o‘rnatilgan tartibda bajarilmagan. Fermerdan boshqa maqsad va paytda yerdan ixtiyoriy voz kechish haqida arizasi olingan, ammo bu holatga sudlar huquqiy baho bermay, vajni inobatga olmay kelgandi.

Tuman hokimi qarorida fermer bilan tuzilgan ijara shartnomasi uning yerni ixtiyoriy topshirish to‘g‘risidagi arizasiga binoan bekor qilinishi ko‘rsatilgan. Hukumatning 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan nizomga ko‘ra, yerni maqbullashtirish maqsadida tegishlicha olingan ariza tuman hokimi nomiga yoziladi va u uch kunda fermerlar kengashiga taqdim etiladi. Fermerdan olingan ariza ishonchli bo‘lmagani, u hukumat tasdiqlagan nizomda ko‘rsatilgan tartib va taomil bo‘yicha to‘ldirilmagani, shuningdek, belgilangan tartibda fermerlar kengashiga topshirilmagani sudda tasdiqlangan.

Tartibga ko‘ra, fermerlar kengashi arizani o‘rganib, tegishli xulosani tayyorlab, hujjatlarni Yer berish va realizatsiya qilish komissiyasiga yuborishi kerak.