13:48 / 09.08.2019
11255
Oddiy va oliy qahramonlik: qon donorligining tibbiy, diniy va huquqiy asoslari
Foto: Andrey Lyubimov

Donor so‘zi lotinchadan tarjima qilganda «tuhfa qilmoq» degan ma'noni anglatadi. Chunki donor o‘z qonini berish orqali jamiyatdoshining hayotini saqlab qolishi, unga yangi hayot tuhfa qilishi mumkin. Donorlik ikki shaklda: qon va ichki organlarni to‘liq yoki bir qismini berish orqali amalga oshiriladi. Ichki organlar donorligi ham huquqiy, ham tibbiy jihatdan murakkab masala. Qon donorligi uchun esa har doim talab va taklif mavjud. Qon donorligi amaliyotining bir qancha tibbiy, huquqiy va diniy tomonlari mavjud.

Kimlar donor bo‘la oladi?

18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, og‘irligi 50 kilogrammdan yuqori, o‘zini sog‘lom deb bilgan, irqi, kasbi, jinsidan qat'i nazar har bir inson qon va uning komponentlari uchun donor bo‘la oladi.

Respublika qon quyish markazi direktori A'lonur Saidovning ma'lumot berishicha, xirurgik  jarayonlarda (yurakda va tayanch-harakat organlari jarrohliklarida),  a'zoni ko‘chirib o‘tkazishda, onkologik kasalliklarda, gematologik xastaliklarda (leykoz, og‘ir darajali kamqonlik), patologik tug‘ruq jarayonlarida – ona va bolani saqlab qolish maqsadida, baxsiz holatlarda (avariya, yong‘in va boshqa) donorlik asosidagi qondan foydalaniladi.

Inson organizmida 4,5 – 5 litr qon bo‘ladi. Ko‘p yillik ilmiy izlanishlar va kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, 500 ml.gacha qon topshirish organizm uchun xavfsizdir. Har bir donorlik amaliyotida o‘rtacha 350-400 ml qon olinadi.

Donorlar nimalarga rioya qilishi kerak?

Donorlik amaliyotini bajarishdan avval qon beruvchi o‘z salomatligini muhofazalash hamda topshirilajak qon sifatini yaxshilash maqsadida bir necha jihatlarga diqqat qaratishi lozim.

Muntazam ravishda to‘laqonli ovqatlanish, kun davomida ko‘proq suyuqliklar iste'mol qilish muhim. Amaliyotdan 2-3 soat oldin yog‘li, achchiq taomlar istemol qilmaslik lozim. Yog‘li ovqatlar qonning sifatiga ta'sir qiladi va uning davo samarasini kamaytiradi. Och qoringa qon topshirish mumkin emas, shuning uchun donor ertalab yengil nonushta qilib kelishi lozim bo‘ladi.

Tiniqib uxlash lozim. Tungi navbatchilikdan keyin qon topshirish tavsiya etilmaydi, chunki navbatchilikda ko‘p quvvat sarflanadi, bu esa organizmda modda almashinuviga ta'sir qiladi. Donorlikkacha ikki kun mobaynida spirtlik ichimliklar ichish mutlaqo taqiqlanadi.

Donorlik amaliyotidan keyin yo‘qotilgan suyuqlik o‘rni 36 soat ichida, eritrotsitlar 8 hafta mobaynida, plazma 3-5 kun ichida, trombotsit va leykotsitlar 5-7 kun davomida tiklanadi.

Shundan kelib chiqib, to‘liq qonni yiliga 4-5 marta (erkaklar har 2 oyda, ayollar har 3 oyda) topshirish tavsiya qilinadi. Plazma va qonning boshqa komponentlarini har 14 kunda topshirish mumkin.

Kimlar donor bo‘la olmaydi?

Qon donori bo‘lishga to‘sqinlik qiluvchi doimiy va vaqtinchalik omillar mavjud.

OITS, OIV, zahm, virusli gepatitlar, sil, qon kasalliklari, miopiya (uzoqni ko‘ra olmaslik, ko‘rish darajasi minus 6dan past bo‘lsa), yurak, o‘pka, jigar va buyrak yetishmovchiligini boshdan kechirgan shaxslar kasallik qachon va qay darajada kechgani hamda davo muolajalarining natijasidan qat'i nazar donor bo‘la olmaydi.

Quyidagi holatlarda esa donorlik vaqtinchalik mumkin emas (qancha muddatdan keyin ruxsat berilishi ko‘rsatilgan):

─ hayz davri tugagandan keyin – 5 kun;

─ tish oldirgandan keyin – 15 kun;

─ angina, gripp, O‘RVI dan tuzalgandan keyin – 1 oy;

─ ko‘krak bilan emizishni to‘xtatgandan keyin – 3 oy;

─ bola oldirgandan keyin (abort) – 6 oy;

─ bola tug‘ilgandan keyin – 1 yil;

─ tatuirovka tushirilgandan keyin – 1 yil;

─ antibiotiklar qabul qilish tugagandan so‘ng – 10 kun;

─ biror kasallikka qarshi emlash olgandan keyin – 1 oy;

─ operatsiyalar o‘tkazgandan keyin – 1 yil;

─ uzoq vaqt (kamida 2 oy) xorijiy safarda bo‘lgandan keyin – 6 oy.

«Bemorlarga qon to‘liq holda emas, balki alohida komponentlarga ajratib quyilishi lozim. Agar gemoglobin tushib ketgan bo‘lsa, eritrotsit, qonning ivuvchanligi buzilgan bo‘lsa, plazma quyilishi kerak. Qon to‘liq holda quyilsa, bu bemorda o‘z me'yorida bo‘lgan qon komponentlari ko‘rsatikichi oshib ketishi, natijada salbiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Qonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyishga ham ruxsat berilmaydi. Chunki bunda donorning qoni turli kasalliklarga sinalmagan bo‘ladi», ─ deydi Respublika qon quyish markazi direktori.

A'lonur Saidovning qo‘shimcha qilishicha, manfiy rezus faktorli qon guruhlari topilishi nisbatan qiyin. Markaz zaxirasida turli qon guruhlari saqlanadi. Shoshilinch va favqulodda hollarda kerakli qon topilmasa, shu qonga ega bo‘lgan donorlarga murojaat qilib,ularga vaziyatni tushuntirgan holda, yordam berishlari so‘raladi.

Donorlik ─ uzoq umr kechirish kafolati

Donorlik nafaqat qon oluvchi, balki qon beruvchining salomatligi uchun ham foydali hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, donorlar boshqalarga qaraganda 5 yil ko‘proq umr kechirishadi.

Har qanday qon topshirish organizm uchun yengil stress hisoblanadi. Bunday yengil stresslar tashqi muhitning salbiy omillariga ta'sirchanlikni oshiradi.

Baxsiz hodisalar, opreatsiyalar chog‘ida organizmning og‘ir talafotlarga uchrash ehtimoli donorlarda boshqalarga qaraganda kamroq bo‘ladi. Chunki donor organizmi qon yo‘qotishga moslashgan bo‘ladi va og‘ir asoratlarni ham nisbatan yengilroq o‘tkazadi.

Donorlik infarkt va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari kelib chiqishi xavfini bir necha bor kamaytiradi. Olimlar erkak donorlar orasida yurak infarkti boshqalarga qaraganda 30 foiz kamroq uchrashini aniqlashgan.

Doimiy ravishda qon va uning komponentlarini topshirish hujayralarning tabiiy yangilanishiga va organizm yosharishiga olib keladi. Ya'ni qon topshirgandan so‘ng yangilanish kerakligi haqida signal tushadi. Bunday yangilanish yurak, qon tomir tizimi kasalliklari, ateroskleroz, podagra, ovqat hazm qilish, oshqozon osti bezi, jigar va asosiy modda almashinuvi faoliyatlari buzilishining oldini olishda foydali hisoblanadi. Immun tizimi kasalliklarining oldini olishda ham doimiy ravishda qon topshirish foydalidir, chunki u ham organizmning umumiy yangilanishi bilan bog‘liq.

Qon donorlarida o‘pka, to‘g‘ri ichak, oshqozon va hiqildoq saratoni uchrash xavfi kamayadi. Qon yangilanib turgani bois jigarda ortiqcha temir ionlarining yig‘ilib qolishi, natijada gemaxromatoz kasalligi kelib chiqishi oldi olinadi.

Islom dini donorlik xususida nima deydi?

Islom dini vujudga kelgan yettinchi asrda qon quyish amaliyoti bo‘lmagan. Ammo hozirgi kunga kelib tibbiyotning ajralmas qismi bo‘lgan bu amaliyotning diniy jihatlari savol tug‘dirishi tabiiy.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, qonni bir kishidan ikkinchi kishiga quyishda ma'n qiluvchi omillar yo‘q. Tibbiy nuqtai nazardan to‘g‘ri kelsa, ya'ni donorning qonida xavfli kasalliklar bo‘lmasa, ruxsat beriladi. Yosh-qari, ayol-erkak, musulmon-musulmon emasligidan qat'i nazar bir kishidan ikkinchisiga qon quyish mumkin.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ma'ruzalarida aytilishicha, musulmon kishi o‘z qonini sotishi mumkin emas. «Insoniylik jihatidan, ajr va savob uchun qonni xayr ishi sifatida topshirish juda savobli ish. Ulamolar ham bunga targ‘ib qilishadi. Chunki bu qon og‘ir ahvoldagilarning foydasi uchun xizmat qiladi», ─ deyiladi unda.

Donorlik qonuniy jihatdan himoyalanadi?

2002 yilda qabul qilingan «Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, qon va uning tarkibiy qismlarini tibbiy ehtiyojlari uchun topshirish donor tomonidan ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Shaxsni qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishga biror tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish chog‘ida donor qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sog‘ligi saqlanishi kafolatining tibbiyot xodimlari tomonidan ta'minlanishi, sog‘ligiga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi va bepul ovqat bilan ta'minlanishi huquqlariga ega. (17-modda)

Donor bo‘lishga rozilik bildirgan shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tish paytida o‘zi bilgan ilgarigi va hozirgi kasalliklari to‘g‘risida ma'lumotlarni ma'lum qilishi shart. (18-modda)

Donorlar qanday imtiyozlarga ega?

Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish kuni, shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni donor ana shu kunlar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod qilinadi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, ta'lim oluvchilarning boshqa toifalari qon va uning tarkibiy qismini topshiradigan kuni, shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni mashg‘ulotlardan,  harbiy xizmatchilar esa naryadlarni bajarishdan, xizmatni o‘tashning vaxta va boshqa shakllaridan ozod qilinadilar.

Donorga har safar qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan kunning bevosita ertasiga dam olish uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bir kun beriladi. Donorning xohishiga ko‘ra, mazkur dam olish kuni har yilgi mehnat ta'tiliga qo‘shib berilishi mumkin.

Qon va uning tarkibiy qismlarini muntazam ravishda hamda bepul topshiruvchi donor «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi va eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martada to‘liq beriladigan pul mukofoti oladi.

Respublika qon quyish markazi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 49 nafar donor «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Umuman olganda, donorlik har qanday inson qilishi mumkin bo‘lgan oddiy, lekin oliy qahramonlikdir. Qon donorligi ─ jamiyat salomatligi uchun berilishi mumkin bo‘lgan beg‘araz yordam. Bu yaxshilik, albatta, bir kuni qaytadi...

Saodat Abdurahmonova

Top