13:51 / 14.08.2019
6264
Elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan MChJ 124 222 250 so‘m jarimaga tortildi

“O‘zenergoinspeksiya”ning Qashqadaryo hududiy bo‘limi va Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining qo‘shma ish rejasiga asosan hududlarda iste'molchilarning elektr energiyasidan foydalanish qoidalari bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. 

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, energiya resurslaridan samarasiz foydalanishlarning oldini olish, elektr energiyasi haqini o‘z vaqtida to‘lash, energiya resurslarini tejash, iste'mol madaniyatini oshirish, hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishni oldini olish maqsadida shu yilning o‘tgan oyidagi o‘rganishlar mobaynida Qarshi tumanidagi iste'molchi “Islom Muxtor Hamkor” MChJ tomonidan elektr energiyasidan foydalanishdagi yashirincha o‘g‘irlik turi aniqlandi. 

Iste'molchi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish maqsadida hisoblagichning ichki qismiga maxsus qurilma (chip) o‘rnatgani, ushbu qurilma pult orqali boshqarilib, qurilma ishga tushirilgan vaqtda elektr hisoblagich oqib o‘tayotgan elektr energiyasini hisobga olmasligi aniqlandi. 

Ushbu holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Majburiy ijro byurosi tomonidan qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirildi va iste'molchi elektr tarmog‘idan uzildi.

“O‘zenergoinspeksiya”ning Qashqadaryo hududiy bo‘limi mutaxassisi xulosasi asosida Qarshi tuman elektr ta'minoti korxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi inspektorlari tomonidan iste'molchi “Islom Muxtor Hamkor” MChJ ushbu qoidabuzarlik bo‘yicha 124 222 250 so‘m jarimaga tortildi. 

Top