11:21 / 26.08.2019
7234

Kun.uz saytida yoritilgandan so‘ng: Olmaliq shahar hokimligi munosabati

Foto: KUN.UZ

2019 yil 20 avgust kuni Kun.uz saytida Olmaliq shahrida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan bog‘liq ayrim muammolar yoritilgan, amalga oshirilgan yoki rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan maqola e'lon qilingan edi.

Olmaliq shahar hokimligi muxbir Tolib Rahmatov muallifligida e'lon qilingan “Mablag‘ yo‘q. Olmaliq shahrini obodonlashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar nimaga sarflanmoqda?” nomli maqolaga o‘z munosabatini bildirdi.  

1.Olmaliq shahrining Ibn Sino, Ulug‘bek va Hamid Olimjon ko‘chalarida ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmaganligi bo‘yicha:

- Ibn Sino va Hamid Olimjon ko‘chalarining 1600 m2 maydoni 2017 yil “Olmaliq KMK” AJ tomonidan homiylik asosida ta'mirlangan. Ulug‘bek ko‘chasining 600 m2 maydoni esa joriy yil 20 avgustda joriy ta'mirlandi.

2. Murojaatchining “Daraxtlar qurib ketyapti, hech kim e'tibor qilmayapti. Besh-oltita odamning yugurgani bilan hech narsa bo‘lmaydi. Hokimlik vakillari xalqni eshitsa, birga ishlasa, bunaqa holatlar bo‘lmaydi, deb hisoblayman” degan vaji bo‘yicha:

- bundan bir yil avval ham shahar ko‘chalarida sug‘orish tizimi deyarli bo‘lmagan, mavjudlari ham o‘z muddatini o‘tab, yaroqsiz ahvolda edi. Shu bois mavjud daraxtlarning ayrimlarida qovjirash holatlari kuzatilgan. Ko‘chalarni ta'mirlash kabi masalalarning barchasi moddiy mablag‘ga borib taqaladi. Budjetdagi mablag‘lar esa bosqichma-bosqich, ma'lum dasturlar asosida ajratiladi. Birdaniga ichki ko‘chalarning barchasiga mablag‘ ajratishning imkoni yo‘q.

Murojaatchi nazarda tutgan Ibn Sino MFY, “Shuhrat” XUJMShga qarashli 30 m2 piyodalar yo‘lakchasi (trotuar) homiylik va hashar yo‘li asosida joriy yil 31 avgustgacha ta'mirlanishi rejalashtirilmoqda. 5-umumta'lim maktabining yo‘li esa A.Navoiy ko‘chasida joylashgan bo‘lib, 2018 yil “Obod mahalla” dasturi asosida mukammal ta'mirlangan. Murojaatchining ushbu vaji asossiz.

3. “ Bu ishlar “Obod mahalla” dasturi doirasida o‘tgan yili qilinishi kerak bo‘lgan, lekin hokimiyat tomonidan pul ajratilmadi. “Obod mahalla” bo‘lib, keyingi mahallaga o‘tib ketdi. “Abdulla Avloniy” mahallasi bu yilgi “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan, lekin u yerda ham obodlikdan hech narsa yo‘q. Aynan piyoda yo‘laklari ta'mirlanmagani bois, aholi hayotiga xavf tug‘ilmoqda. Nimaga? Chunki, yo‘lak bo‘lmagani sababli, aholi avtomobil yo‘lidan yurishga majbur bo‘lmoqda. Yo‘lga esa, 2 ta mashina zo‘rg‘a sig‘adi. Yo‘lakda ketolmagan piyoda yo‘lga chiqsa, hayoti xavf ostida qolmoqda”, deganda ham murojaatchi asossiz vaj keltirgan bo‘lib, bu borada u to‘g‘ri axborotga ega emas. Vaholanki, mahalliy OAVlari orqali har yili “Obod mahalla” dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ommaga rasmiy axborot yetkazilgan. 

“Abdulla Avloniy” MFY esa joriy yilgi “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan bo‘lib, hududdagi 1 km piyodalar yo‘lakchasi dasturga kiritilgan va 2019 yilning oxiriga qadar amalga oshirilishi ma'lum qilinadi.  

4. Hamid Olimjon ko‘chasiga 20 ta tashqi yoritgich chiroqlari o‘rnatilgani, 12 tasining o‘rni tayyorlangani holda o‘rnatilmay qolganining sababi:

- 2017 yili shahar hokimligi Hamid Olimjon ko‘chasi tashqi yoritish chiroqlarini o‘rnatish bo‘yicha “BEK SAVDO TEX SERVIS” MChJ bilan 230,566,661 so‘mlik shartnoma imzolagan, ammo shartnoma talablari to‘liq bajarilmagan. Hokimlik tomonidan 95% mablag‘ moliyalashtirilib berilgan, lekin bugungi kunda o‘rnatilgan chiroqlar soni 20 ta, o‘rnatilmagan chiroqlar soni 12 tani tashkil qiladi. Shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasiga pudratchi tashkilot “BEK SAVDO TEX SERVIS” MChJ tomonidan foydalanishga topshirish dalolatnomasi taqdim etilmagan. Hozirda ushbu masala bo‘yicha shahar prokuraturasi tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. 

5. Murojaatchining Ulug‘bek ko‘chasi, 31a-uy noqonuniy qurilgan, degan fikrda bo‘lishiga sabab, mazkur uy alohida panjara bilan o‘ralgan bo‘lib, 2015 yil 21 may kuni shahar hokimligining xususiylashtirish bo‘yicha №313-sonli qarori qabul qilingan. Bundan avval esa mazkur uy to‘liq bitkazilmay ancha vaqt qarovsiz bo‘lib yotgan. Fuqaroning ushbu ma'lumoti ham asossiz bo‘lib, 31a-uyning barcha hujjatlari mavjud.

6. Murojaatchilarning “Bo‘ka-Olmaliq” magistral avtoyo‘lining Ulug‘bek ko‘chasi bilan tutashib ketgan qismiga ilgari Toshkent viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi svetofor o‘rnatish bo‘yicha ijobiy xulosasini bildirmaganligi sababli svetofor o‘rnatilmagan. Shu bois fuqaroda haqli e'tiroz paydo bo‘lgan.

 “Ohangaronavtoyo‘l” tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyi yakuniga qadar “Bo‘ka-Olmaliq” magistral avtoyo‘lining Ulug‘bek ko‘chasi bilan tutashib ketgan qismiga svetofor o‘rnatib berilishi belgilangan.

Olmaliq shahar hokimligi.

Mavzuga oid
Top