18:19 / 10.10.2023
37041

Olmaliqda jo‘mrakdan qonli suv oqdi, mas’ullar izoh berdi

Holat kushxonadagi oqova suv va ichimlik suvi quvurining teshilib, o‘zaro qo‘shilib ketishi sababli kuzatilgan. 

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi «Ramazon» mahallasidagi xonadonlardan birida jo‘mrakdan qonli suv oqayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Video muallifi quvur yorilishi oqibatida kushxona qonlari ichimlik suvi tarmog‘iga kirganini ta’kidlagan.

«Bizning kranimizdan qon oqyapti. Bunga qaraydigan, javob beradigan bormi? Necha marotaba murojaat qilganmiz, suvimizga truba yorilishi oqibatida kushxonaning hamma qonlari oqib kelib, qo‘shilib ketadi. Biz shuni har doim ichib, kasal bo‘lyapmiz. Mahalla raisi, kim javob beradi bunga?», dedi video muallifi.

Olmaliq shahri hokimligi mazkur holat mas’ullar tomonidan e’tiborga olingani va muammo bartaraf etilayotganini bildirdi.

«Ramazon» mahallasidagi bir necha xonadondagi ichimlik suvi jo‘mraklaridan qonli suv oqishi kuzatilgan. Shahar «Suv ta’minoti» korxonasi mas’ullarining holat yuzasidan dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, bu kushxonadagi oqova suv va ichimlik suvi quvurining teshilib, o‘zaro qo‘shilib ketishi sababli kuzatilgan. Holat zudlik bilan mas’ullar tomonidan nazoratga olinib, hozirda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda», deyiladi hokimlik xabarida.

«Toshkent suv ta’minoti» MChJ muammo yuzaga kelganini tasdiqladi.

«15 ta xonadon vaqtida imkoniyatidan kelib chiqib, quvur tortgan va xonadonlariga ichimlik suvini olib borgan. O‘tgan vaqt davomida quvur chirib, teshilgan va kushxonadan chiqqan suvlar bilan aralashib, shunday holat yuzaga kelgan. Ayni paytda muammo bartaraf etilmoqda. Ichimlik suvi quvuri yangilanmoqda», dedi tashkilot axborot xizmati rahbari Akbar Tohirov.

Qo‘shimcha qilinishicha, voqea joyiga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari ham yetib borib, vaziyatni o‘rganmoqda.

Top