07:43 / 28.08.2019
12496
Shaharlararo avtobus qatnovlariga chiptalarni onlayn xarid qilish imkoni yaratildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

“Toshkent” avtovokzalidan harakatlanayotgan shaharlararo mahalliy yo‘nalishlardagi avtobus qatnovlariga chiptalarni onlayn tarzda xarid qilish imkonini taqdim etuvchi https://avtoticket.uz/ sayti ishga tushdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur onlayn platforma aholining barcha qatlamiga yuqori darajada qulaylik yaratish maqsadida sodda va tushunarli tarzda ishlab chiqilgan. Chiptalarga to‘lovni amalga oshirish jarayoni butunlay avtomatlashtirilgani mazkur jarayondagi turli xil noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishga xizmat qiladi. 

Onlayn platforma yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha yangi yechimlarni taqdim etadi. Bu yerda “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshiriluvchi barcha qatnovlar bo‘yicha uch kunlik ma'lumotlar, avtobuslardagi bo‘sh o‘rindiqlar soni, avtobuslarning jo‘nash vaqti, modeli haqidagi batafsil ma'lumotlar mavjud.  

Ayni damda platforma orqali “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshiriluvchi reyslargagina chiptalarni sotib olish mumkin, yaqin orada mamlakatning barcha hududlaridan chiptalarni onlayn xarid qilish imkoni to‘liq yaratilishi aytiladi. Shuningdek, hozirda ushbu onlayn platformaning mobil ilovasini yaratish borasidagi ishlar olib borilmoqda.

Top