O‘zbekiston | 10:00 / 18.04.2024
34864
12 daqiqa o‘qiladi

Sovetlar yashirgan yana bir fojia – Toshkentda kanalga qulagan avtobus

Bundan yarim asr muqaddam Toshkent shahridan oqib o‘tuvchi Bo‘rijar kanaliga ichida oltmishdan ortiq yo‘lovchisi bo‘lgan Laz avtobusi qulab tushadi va unda haydovchidan boshqa barcha halok bo‘lgani aytiladi. “O‘sha kunni yaxshi eslayman. Odamlarning jasadlarini olib chiqib, kanalning qirg‘og‘iga yotqizib qo‘ya boshlashdi. Avtobusni vertolyot bilan chiqarishayotgandi, ammo tros uzilib ketib, avtobus yana kanalga qulab tushdi” deydi hodisa guvohlari.

Tarix sahnida qariyb 70 yil yashagan sovet ittifoqida har qanday yomon xabar odamlarda sir tutilardi. 1957 yilda Chelyabinsk viloyatidagi radioaktiv moddalar ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan halokat, 1961 yilda Gagarindan avval fazoga uchishga tayyorlangan kosmonavt Valentin Bandarenkoning fojiali o‘limi, 1960 yilda Boyqo‘ng‘irda qit’alararo ballistik raketaning parvoz oldidan portlab ketishi, 1962 yilda Novocherkassda narxlar oshirilishiga qarshi chiqqan ishchilarning o‘qqa tutilishi, 1986 yilda Chernobil AESda yuz bergan avariya, shular jumlasidan.

Sovetlar yuz bergan fojialarni yashirar ekan, ular haqida xorij nashrlarida, radiolarida xabar berilardi. Biroq sovet OAV ularni rad etar yoki halokatning ko‘lamini juda kamaytirib ko‘rsatardi.

Turli halokatlarni yashirishdan maqsad bitta bo‘lgan: «Sovetlar mamlakatida hammasi zo‘r, odamlar baxtli va farovon yashayapti. Bu yerda odamlarning barvaqt o‘limiga sabab bo‘ladigan halokatlar sodir bo‘lmaydi».

SSSRda sodir bo‘lgan ko‘plab halokatlar ittifoq parchalanib ketishi arafasida yoki undan keyin oshkor bo‘ladi. Ungacha odamlar hech narsani bilmagan. Ammo biz bugun hikoya qiladigan, Toshkentning deyarli qoq markazida ro‘y bergan, bir necha o‘nlab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan dahshatli avtobus halokati haqida xozirga qadar ham xech narsa ma’lum emas.

Hodisa

1973 yil 19 yanvar kuni soat 7:00 larda Beshyog‘och-Go‘sht kombinati (boshqa versiyalarda Beshyog‘och-O‘rtaovul) yo‘nalishida qatnaydigan LAZ avtobusi haydovchisi Bo‘rijar kanali yoqasi bo‘ylab harakatlanayotib, o‘zidan oldinda ketayotgan trolleybusni quvib o‘tishga qaror qiladi.

O‘sha kuni havo sovuq, yo‘llar muzlama bo‘lgan. Avtobus trolleybusni quvib o‘tish chog‘ida ko‘prikdan o‘tadi, qiyalikdan tushayotib sirpanib ketadi va haydovchi boshqaruvni yo‘qotadi.

Shundan so‘ng avtobus bir necha marta yo‘l bo‘ylab sirpanadi, haydovchi uni o‘nglab ololmaydi. Avtobus kanal tomon sirpanib borar ekan, haydovchi uning eshiklarini ochib yuborish o‘rniga o‘zi tomondagi eshikni ochib pastga sakraydi. Shu paytda bir yigit ham haydovchining ortidan tushib qolishga muvaffaq bo‘ladi.

Boshqalar avtobus ichida qolib ketishadi. LAZ old tomoni bilan balandligi qariyb 30 metr bo‘lgan joydan kanal qulaydi.

Avtobus tushib ketgan joy tik jarlik bo‘lib, kanalning suvi shu joyda tez oqardi. LAZ kanal oqimini to‘sib qolgani uchun suv sathi tez ko‘tariladi va old tomoni bilan kanalga tik tushgan uchun yarmidan ko‘p qismi suvga to‘ladi.

Avtobus qulab tushgan paytda yo‘lovchilar uning suvga botgan old qismiga qulab, bir birining ustiga tushadi.

Avtobus kanalga qulab tushganini uning oldida bo‘lgan trolleybus haydovchisi va yo‘lovchilari ko‘rishadi. O‘sha paytda avtobus qulagan joy atrofida telefon bo‘lmagan. Trolleybus haydovchisi darhol telefon bor joygacha boradi va odamlar militsiyaga qo‘ng‘iroq qilib hodisa haqida xabar berishadi.

Voqea joyiga darhol qutqaruvchilar, tez yordam mashinalari, militsiya va KGB xodimlari yetib kelishadi. Militsiya yo‘lni to‘sadi va hodisa yuz bergan joyni o‘rab oladi.

Avtobusdagi odamlarni qutqarish uchun suv ostiga g‘avvoslar tushiriladi. Biroq bu paytda avtobus qulaganda ustma-ust bo‘lib, bir-birini bosib qolgan odamlar halok bo‘lgan edi.

O‘sha kuni havo harorati – 6... -7 daraja sovuq, kanaldagi suvning harorati ancha past, + 7 darajani tashkil qilgan. Buning ustiga, o‘shanda hamma issiq kiyimlarda bo‘lgan.

Odamlarning qalin ust-boshi suv shimib, ularning harakatlanishiga va avtobusning suv ostida qolgan qismidan chiqib olishlariga imkon bermagan.

Na hodisa va na unda halok bo‘lganlar soni haqida hech qayerda aytilmagan. Hodisa guvohlari ularning soni 60-70 nafar atrofida bo‘lganini aytishadi. Keyinroq yana bir ayol suv bosgan avtobusdan qutilib chiqqani ma’lum bo‘ladi.

Avtobus haydovchisi jonini qutqargach voqea joyidan qochib ketadi va yashirinadi. Bir necha kundan so‘ng uni xotinining qarindoshinikida yashirinib yotgan joyidan tutib olishadi.

Hodisa guvohlarining eslashicha jasadlarni olib chiqish, avtobusni kanaldan ko‘tarib olish ishlari ikki kun davom etgan. Shu vaqt mobaynida avtobus qulagan yo‘l va atrofdagi barcha ko‘chalar yopib qo‘yilgan. Ko‘chalar boshi to‘silib, ularda militsiya xodimlari kechayu-kunduz qorovullik qilgan.

Hodisa haqida mytashkent.uz saytida berilgan maqola ostida ko‘plab insonlar izoh qoldirishgan.

“O‘sha kuni ertalab men maktabga bordim. Soat 8:30 da dars boshlandi. Avtobusning kanalga qulaganini hech kim eshitmagandi. Uchinchi yoki to‘rtinchi dars edi shekilli, bir qiz baqirgancha maktabdan chiqib ketdi. Avvaliga biz nima bo‘layotganini tushunmadik. Keyin bilsak qizning onasi avtobusda bo‘lgan va undan amallab chiqib olgan ekan. Darslar tugagach uyga qarab yo‘lga tushdim. Biroq yo‘l to‘silgandi va meni militsionerlar o‘tkazishmadi. Narigi ko‘cha bilan aylanib o‘tmoqchi bo‘ldim. Biroq u yerda ham militsiya xodimlari yo‘lni to‘sib turardi. Odamlar ko‘chadan o‘ta olmay yig‘ilib turardi. Ana shu yerda men avtobus halokatga uchraganini eshitdim”, deydi hodisa guvohlaridan biri bo‘lgan Oleg Kim ism-sharifli shaxs.

“Avtobusni vertolyot yordamida ko‘tarib olishdi”

Ayrimlar hodisa 1972 yil fevral oyida yuz berganini, odamlarning jasadlari olib chiqilgach avtobus 2 kran yordamida ko‘tarib olishganini yozishgan.

Biroq izohlarda ko‘pchilik hodisa aynan 1973 yil 19 yanvarda sodir bo‘lganini, avtobus kranlar bilan emas, vertolyot yordamida ko‘tarib olinganini yozishgan.

“Hodisa 1973 yil 19 yanvarda sodir bo‘lgandi. Kanalga qulagan avtobus ichida  odam to‘la bo‘lgan. O‘sha kunni yaxshi eslayman. Odamlarning jasadlarini olib chiqib, kanalning chap qirg‘og‘iga yotqizib qo‘ya boshlashdi”, deb yozgan Rahim ismli shaxs.

“Avtobusni chiqarib olish uchun vertolyot keldi va troslar yordamida uni ko‘tara boshladi. Biroq tros bog‘langan joyi uzilib ketib, avtobus kanalga qulab tushdi. Shundan so‘ng g‘avvoslarni chaqirishdi va ular trosni avtobusning ostidan o‘tkazib berishdi. Bu safar vertolyot avtobusni tepaga chiqarib oldi va yerga qo‘ymay Sergeli tomondagi aerodrom tomon olib ketdi. Jasadlar ham o‘sha yerga olib borilgandi. Egalari borib tanib olishdi”, deb eslaydi yana bir shaxs.

“Birgina Baynalmilal ko‘chasida 5 kishini dafn etishdi. Ular orasida mening ham qarindoshim bor edi. Aslida Vikipediyada va boshqa joylarda avtobus haydovchisi trolleybusni quvib o‘tmoqchi bo‘lgan deb yozilgan gap noto‘g‘ri. Avtobus haydovchisi trolleybusni quvib o‘tmoqchi bo‘lmagan. Shunchaki qiyalikdan tushishda yo‘ldagi muzlama tufayli boshqaruvni yo‘qotgan. Ya’ni haydovchi tormozni bosishda xatolikka yo‘l qo‘ygan. Surishtiruvni prokuratura olib borgandi. O‘sha kunlarda tergovchi uyimizga keldi. Otamga Moskvich mashinamizni ko‘rsatib “Bu xavfli ko‘prikdan qanday o‘tib-qaytyapsiz?” dedi. Shunda otam agar haydovchi tajribali bo‘lsa va xatoga yo‘l qo‘ymasa ko‘prikdan o‘tish xavfli bo‘lmasligini aytdi. So‘ng tergovchini mashinasiga o‘tqazib ko‘prikdan o‘tib qaytdi”, deb eslaydi Oleg.

Hodisaning yashirilishi va mish-mishlar

Avtobus qulashi oqibatida 60-70 nafar atrofida odam halok bo‘lar ekan, KGB va militsiya hodisani yashirish uchun barcha choralarini ko‘radi. Atrofdagi barcha yo‘llar yopiladi. Mahallalardan chiquvchi kichik ko‘chalarni militsiya qo‘riqlay boshlaydi.

G‘avvoslar suvga tushib avtobusdagi odamlarning jasadlarini olib chiqishadi. Jarayon ikki kun davom etadi. So‘ng vertolyot yordamida avtobus kanaldan chiqarib olinadi.

Odamlar qutqaruv jarayonini uzoqdan bo‘lsa ham kuzatishga muvaffaq bo‘lishadi. Qolaversa, kimlarnidir yaqinlari halok bo‘lgan, hodisani butunlay sir saqlashning iloji yo‘q edi.

Hodisa yuz bergandan bir necha kun o‘tgach “Amerika ovozi” radiosida fojia haqida xabar tarqatiladi.

Hodisa guvohlarining aytishicha, avtobus va undagi jasadlarni chiqarib olishgach, ikkita fuqaro kiyimidagi shaxs ular yashaydigan ko‘cha bo‘ylab har bir xonadonga kirgan va odamlarga ko‘rgan bilganlari haqida hech kimga, hech qayerda gapirmaslikni, aks holda jazolanishlarini aytib chiqqan.

“Fuqarolik kiyimida bo‘lgan ikki kishi barcha xonadonlarga kirib hodisa haqida hech kimga og‘iz ochmaslik kerakligi haqida ogohlantirib chiqishdi. Keyin bilsam ular KGB xodimlari ekan. Ular hodisada halok bo‘lganlardan birining xonadoniga kirganda mojaro yuz berdi. Xodimlar ularga hodisa haqida gapirmaslik kerakligini, aks holda qamoqqa tiqishlarini aytib tahdid qilishdi. Yaqinlari vafot etgan va qayg‘uda bo‘lgan odamlar bundan g‘azablanib KGB xodimlariga tashlanib qolishdi. Bittasini yiqitib tepkilab tashlashdi. Ikkinchi xodim qochib qoldi. Ko‘p o‘tmay ko‘chamizga tez yordam va militsiya mashinasi kirib keldi. Ular yerda yotgan KGB xodimini shifoxonaga olib ketishdi. Uni urganlarga esa indashmadi. KGB xodimi kaltaklangandan so‘ng boshqalari narigi ko‘chaga kirishga jur’at qila olishmadi. Chunki u yerda uchta xonadon vakillari hodisada halok bo‘lgandi. Aftidan KGB xodimlari yaqinlaridan ayrilgan darg‘azab odamlar o‘zlarini o‘ldirib qo‘yishi mumkinligini o‘ylab uyoqqa borishmadi”, deb eslaydi Oleg.

Toshkentda sodir bo‘lgan bu hodisaning aniq tafsilotlari hanuzgacha ochiqlanmagan. Kun.uz bu haqda axborot to‘plash maqsadida Markaziy arxivda ham bo‘ldi. Afsuski u yerda ham hodisa haqida xech qanday hujjat mavjud emas. Tushunish mumkinki, mash’um fojia SSSRda sodir bo‘lgan boshqa ko‘plab hodisalar qatori maxfiylashtirilgan.

Hodisaning uzuq-yuluq tafsilotlari Vikipediya va boshqa bir nechta nashrlarda qisqacha berilgan xolos.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid