21:40 / 28.08.2019
21326

«To‘rtinchi sanoat inqilobi boshlanganini inobatga olish zarur» – Aziza Umarova islohotlarni davom ettirish haqida

Iqtisodiyot va sanoat vazirligida «O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi» doirasida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan xalqaro va mahalliy ekspertlar, mutaxassislar konsepsiya yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi.

«O‘zbekistonda o‘tgan 2 yil ichida oliy ta'lim tizimida qabul kvotalari oshirilishi, xususiy oliy ta'lim muassasalari ochilishi kabi ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi. Bu kabi islohotlarni davom ettirishimiz zarur.

Chunki biz oliy ma'lumot qamrovi bo‘yicha qo‘shni davlatlardan orqadamiz. O‘zbekistonda oliy ta'limga jalb etish 15 foizni tashkil qilsa, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyada bu ko‘rsatkich 35-45 foizni qayd etadi. Bu degani biz post-sovet davlatlari orasida yoshlariga 3 baravar kam oliy ta'lim olish imkonini berayotganimizni anglatadi», deya ta'kidladi ushbu konsepsiya yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirish jarayonida Smartgov Consulting direktori Aziza Umarova.

U bir soniyada istagan ma'lumotini internet orqali topish imkoniga ega bo‘lgan bolalarni bugun eski metodika va tartib-intizom bilan ushlab turib bo‘lmasligi, dunyo o‘zgarib borayotgani, to‘rtinchi sanoat inqilobi boshlanganini hamisha inobatga olish zarurligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, Aziza Umarova agrar islohotlar haqida ham o‘z fikrlarini bildirish jarayonida ayrim solishtirma faktlarni sanab o‘tdi.

«O‘zbekistonda  davlat budjetidan qishloq xo‘jaligi sohasiga Isroildan 20 marta ko‘p, Rossiyadan 6 baravar ko‘p, Qozog‘istondan 2 marta ko‘p subsidiya ajratiladi. Lekin olayotgan foyda xarajatga arzishi yoki yo‘qligini ham tahlil qilish zarur», deydi u.

Aziza Umarova temiryo‘l sohasida ham taqqoslovchi faktlarni taqdim qildi.

«Qozog‘istonda ayni paytda 90 ming temiryo‘l konteyneri mavjud. Ularning asosiy qismi xususiy qo‘llarda bo‘lsa, O‘zbekistondagi 20 ming temiryo‘l konteynerlari deyarli to‘liq davlatniki hisoblanadi.

Bundan tashqari, lokomotivlarga diqqat qaratadigan bo‘lsak, ular Ukrainada 3 ming 994ta, Belarusda 748ta, Qozog‘istonda 1 ming 719tani tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa lokomotivlar soni Ukrainanikidan 10 marta, Belarusnikidan 2 marta, Qozog‘istonnikidan esa 5 marta kam», deydi Smartgov Consulting direktori.

Shuningdek, Aziza Umarova o‘z takliflari doirasida ijtimoiy himoya masalasiga alohida to‘xtalib o‘tib, nogironligi bor fuqarolar, yolg‘iz yashovchilar, yetimlar, iqtisodiy qiynalgan ayollar va bolalar, muqaddam sudlanganlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarurligi haqida ham aytib o‘tdi.

Top