16:21 / 31.08.2019
0
12982
Reklama

Bektemirda «O‘zavtosanoat» tomonidan startap loyihalar uchun mo‘ljallangan markaz ishga tushirildi

Kecha, 30 avgust kuni Toshkent shahri Bektemir tumanida O‘zbekistondagi birinchi UzAuto Market startap platformasining ochilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Marosimda «O‘zavtosanoat»AJ rahbari Shavkat Umrzoqov yig‘ilgan mehmonlar va OAV xodimlariga UzAuto Market startap platformasi haqida ma'lumot berdi, shuningdek, yangi tashkil qilingan markaz bo‘ylab sayohat tashkil qilindi.

Unga ko‘ra, mazkur startap loyiha orqali innovatsion maydoncha ishlab chiqaruvchi zavodlar va xaridorlar o‘rtasida bevosita aloqa o‘rnatilishi ta'minlanadi, tyuning atele xizmatlari, avtotovarlar taklif etadi va yosh kashfiyotchilar uchun g‘oyalar maydoniga aylanadi.

«UzAuto Market bu – yoshlarga avtomobilsozlik uchun mahsulotlar  ishlab chiqarishda o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish imkonini  beruvchi O‘zbekistondagi birinchi noyob loyihadir. Bu maydoncha ham mamlakatimiz, ham undan tashqaridagi yoshlarni birlashtirib, bugungi kunda mustaqil va chet investitsiyalarsiz g‘oyadan biznesgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishga qiynalayotgan ixtirochilarga ko‘mak beradi. Startap-platforma ishlab chiquvchilar, ishlab chiqaruvchi zavodlar va xaridorlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi shakli bo‘ladi va o‘zaro faoliyat asosida amalga oshiriladi.

Qisqa qilib aytganda, startap-platforma yoshlarning g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, amaliyotga kiritish va sotishni o‘zida aks ettiradi.

Agar loyiha orqali yosh kadrlarning ishlanmalarini ishlab chiqarishga joriy qilishni yo‘lga qo‘ya olsak, demak biz ko‘zlagan uyg‘unlashuv yaratilgan bo‘ladi», dedi Shavkat Umrzoqov.

Uning aytishicha, ko‘pchilik o‘zbek avtosanoati tizimi deganda shunchaki, avtomobil yig‘ishni tushunadi.

«Lekin Asakada haqiqatda avtomashinalar ishlab chiqariladi. Haqiqatda, o‘ttizdan ortiq mukammal texnologiyaga ega bo‘lgan va malakali injyener xodimlarga ega bo‘lgan zavodlarimiz mavjud.

Bugun ochilishida yig‘ilganimiz- bu markaz mana shu imkoniyatlarni bilmagan kishilar va avtosanoat o‘rtasidagi to‘siqlarini olib tashlashi kerak. Tasavvur qilishingiz uchun aytaman, bu yerda taxminan o‘ttiztacha avtosanoatning tizimidagi barcha zavodlar  joylashtirilgan. Bu markaz aynan shunday maydoncha bo‘ladi. Bu yerda novator yigitlar yangi startaplar, yangi texnologiyalar ustida ishlashadi. Biz Italiya, Yaponiya, Angliya kabi o‘nlab mamlakatlarda ta'lim olayotgan o‘ttizdan ortiq  yoshlarni markazga jalb qildik. Bunga qo‘shimcha tarzda markazga investorlarni ham jalb qilamiz. Marhamat, ular bizning yoshlarning yangiliklariga investitsiya kiritishsin», deya Umrzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

UzAuto Market, shuningdek, UzAuto Motors yengil avtomobillari, «JV MAN UTO-Uzbekistan», «Samavto» va «UzAutoTRAILER» tijoriy katta yuk tashish texnikasining barcha modellar qatorining sotuv nuqtasi bo‘ladi. Bunda zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan servis hududi UzAuto’ning barcha brendlari mahsulotlari uchun har qanday ko‘rinishdagi kafolat va kafolatdan keyingi xizmatlarni taqdim etadi.

Bundan tashqari, UzAutoMarket o‘ziga xos xizmatni taklif etadi, unga ko‘ra, faqat shu yerda xaridorlar avtomobillarga muddatsiz kafolat imkoniga ega bo‘ladilar.

Market shourumida ham yengil avtomobillar, ham tijorat texnikasi uchun zavod sifatidagi asl ehtiyot qismlarning keng assortimenti qulay narxlarda taqdim etiladi.

Xaridorlar shuningdek, Chevrolet avtomobillarini yig‘ishda ishlatiladigan asl ehtiyot qismlarni sotib olish imkoniyatiga ham ega.

Ochilish marosimida ma'lum qilinishicha, yaqin kelajakda xaridorlar uchun UzAuto Market saytida ehtiyot qismlarning onlayn sotuvi ham yo‘lga qo‘yiladi.

Ochilish marosimi yakunida mehmonlar uchun «O‘zavtosanoat»AJning yutuqli tanlovlari tashkil qilindi.

Reklama huquqi asosida 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top