11:10 / 08.09.2019
0
5587
O‘zbekiston harbiy kontingenti «Markaz-2019» o‘quvlarida ishtirok etish uchun Rossiyaga yetib bordi

7 sentabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy kontingenti 16-21 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan «Markaz-2019» qo‘mondonlik-shtab strategik o‘quvlarida qatnashish uchun Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatiga yetib bordi.

Yuz nafardan ortiq harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga qarashli ikki dona S-295 harbiy transport aviatsiyasi samolyotlarida Rossiya Markaziy harbiy okrugining Orenburg viloyatidagi harbiy aerodromiga qo‘ndi.

«Vakillarimiz Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo‘mondonligi tomonidan rus urf-odatlariga ko‘ra, harbiy orkestr sadolari ostida iliq kutib olindi. Shu kunning o‘zida O‘zbekiston harbiy kontingenti o‘quv mashq shartlari doirasida yaratiladigan sharoitda shtab ofitserlari va harbiy xizmatchilarning hamkorlikda qo‘shin guruhlarining harakatlarini rejalashtirish va tashkil etish bo‘yicha vazifalarni bajarish uchun Donguz poligoniga yo‘l oldi.

Eslatib o‘tamiz, strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarida sakkiz mamlakat – Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning harbiy kontingenti ishtirok etmoqda.

«Markaz-2019» davomida Markaziy Osiyo hududida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish kabi topshiriqlarni hamkorlikda bajarishda mamlakatlar qo‘shinlarining guruh (kuch)larini samarali qo‘llash kabi vazifalar ishlab chiqiladi.

O‘quvlarning asosiy fazasi Orenburg viloyatidagi Donguz poligonida o‘tkaziladi. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekistondagi G‘urumsaroy poligonida O‘zbekiston va Tojikistonning bo‘linmalari shartli terrorchi guruhlarini yo‘q qilish bo‘yicha vazifalarni amalda bajaradi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining ushbu yirik masshtabdagi o‘quvlarda ishtiroki jangovar tayyorgarlik masalalarida tajriba almashish, Markaziy Osiyo hududida vaziyatning keskinlashishining oldini olish borasida boshqaruv organlari ish mexanizmining yagona algoritmini ishlab chiqish va hamkorlikda operatsiyalarni bajarishda bo‘linmalarning harakatlanish tartibini puxta rejalashtirishga xizmat qiladi», deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top