Jahon | 11:51 / 08.04.2024
4408
4 daqiqa o‘qiladi

Orenburg viloyatida federal favqulodda holat rejimi joriy etilmoqda

Suv toshqinlari fonida Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kurgan viloyati fuqarolarini ehtimoliy evakuatsiyaga tayyor bo‘lishi kerakligi haqida ogohlantirdi.

Foto: Yegor Aleyev/IMAGO/ITAR-TASS

Orenburg viloyatida suv toshqini tufayli yuzaga kelgan og‘ir vaziyat fonida mintaqada federal favqulodda vaziyat (FV) rejimi joriy etildi va federal darajadagi choralar o‘rnatildi. Bu haqda 7 aprel, yakshanba kuni tabiiy ofat zonasiga yetib kelgan Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Aleksandr Kurenkov ma’lum qildi.

Orenburgdagi vaziyat «eng yomon ssenariy bo‘yicha» rivojlanmoqda

4 apreldan boshlab sel bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli mintaqada favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan. Mahalliy hokimiyat Orenburg viloyatining Orsk shahridagi vaziyatni og‘ir deb baholamoqda. 7 aprel kuni ertalab gubernator va viloyat hukumati matbuot xizmati Orenburg viloyatidagi suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat «eng yomon ssenariy bo‘yicha rivojlanayotganini» ma’lum qildi.

«Viloyatda 87 ta aholi punkti va 13 ta dalahovli hamjamiyatlari, 6 mingdan ortiq turar joy binolari, 9 ming shaxsiy tomorqa va 40 suv o‘tkazmaydigan ko‘prik suv ostida qolmoqda. 4 mingdan ortiq aholi, jumladan, 885 nafar bolalar evakuatsiya qilindi», — dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Kurenkov. Orskda jabrlanganlarni qabul qilish uchun 13 ta vaqtinchalik joylashtirish markazi ishga tushirildi.

«Umuman olganda, Orenburg viloyatida suv toshqini jarayonlari hali ham sekinlashmagan», deyiladi viloyat hukumatining «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. 

Baza Telegram-kanali xabariga ko‘ra, Orsk shahrida favqulodda holat tufayli to‘rt kishi halok bo‘lgan: mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, «ikki nafari yurak xurujidan, bir kishi tabiiy sabablardan vafot etgan, yana biri o‘z joniga qasd qilgan». 

Orskda rejalashtirilgan tibbiy yordam vaqtincha ko‘rsatilmaydi

Orskdagi barcha maktablar masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Orsk neftni qayta ishlash zavodi «ekologik xavflarning oldini olish va xavfsizlik qoidalariga rioya qilish uchun» faoliyatini to‘xtatdi. 

Bundan tashqari, Orskdagi shifoxonalar rejali tibbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatdi, deb xabar berdi viloyat sog‘liqni saqlash vazirligi. Agar kerak bo‘lsa, bemorlar Novotroitsk va Orenburgga yuboriladi, deya tushuntirdi bo‘lim. Suv toshqini zonasidan tashqarida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Orskda qolgan ikkita shifoxona yetarli miqdordagi o‘rindiqlar bilan ta’minlangan, dedi viloyat kasalxonasi rahbari Tatyana Savinova.

Kurgan viloyatida suv toshqini xavfi 

Orenburg viloyatidagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi yig‘ilishida Aleksandr Kurenkov, shuningdek, «Tabol havzasidagi Kurgan viloyatida suv toshqini bilan bog‘liq noqulay vaziyat kutilayotgani»ni aytdi. Vazirning ta’kidlashicha, shu munosabat bilan 7 aprel kuni u yerga Ural qidiruv-qutqaruv otryadi va Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv markazidan qo‘shimcha kuch va vositalar yuborilgan. 

«Fuqarolar har qanday holatda ham tayyor bo‘lishi kerak: zarur hujjatlar, pullar, dori-darmonlarni tayyorlab qo‘yishi lozim, toki evakuatsiya zarurati tug‘ilsa, vaqtni behuda o‘tkazmaslik shart», — deyiladi vazirlikning Telegram-kanalida. 

Mavzuga oid