08:26 / 12.09.2019
0
4618

AQSh Xitoy mahsulotlariga bojlar oshirilishini 2 haftaga qoldirdi

Foto: Drew Angerer/Getty Images

AQSh rahbariyati Pekin iltimosi bilan Xitoyning 250 mlrd dollarlik mahsulotlariga bojlar qiymatini 25 foizdan 30 foizgacha oshirishni 2 haftaga qoldirdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda ma'lum qildi.

“Xitoy davlat kengashi bosh vazir o‘rinbosari Lyu Xe iltimosi va 1 oktyabrda Xitoy tashkil topganining 70 yilligini nishonlashi tufayli biz yaxshi niyat tarzida 250 mlrd dollarlik mahsulotlarga bojlarning 25 foizdan 30 foizgacha oshirilishini 1 oktyabrdan 15 oktyabrga ko‘chirishga rozi bo‘ldik”, deb yozgan Tramp.   

AQSh 1 sentyabrda Xitoyning 112 mlrd dollarlik mahsulotlariga 15 foizlik qo‘shimcha bojlar kiritgandi. Tramp bunga sabablardan biri sifatida Xitoy tomonidan AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va'dasi bajarilmaganini keltirgan. Xitoy bunga javoban AQShning 75 mlrd dollarlik mahsulotlariga 10 foizlik boj kiritgan. 

Avvalroq Xitoy hukumati savdo urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralarning yangi raundi oldidan AQShdan 16 mahsulotga bojlar bekor qilinishini ma'lum qildi. Bu savdo urushiga barham berish uchun Xitoy tomonidan qabul qilingan ilk shunday qarordir. Jumladan, Xitoy dori-darmon, hayvonlar oziqasi va boshqa mahsulotlarga 25 foizlik bojlarni bekor qilgan. Shu bilan birga AQSh importining muhim tovarlari hisoblangan soya va dukkaklarga bojlar bekor qilinmagan.  

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top