23:57 / 12.09.2019
0
5064
Tramp AQShdagi favqulodda vaziyat tartibini yana bir yilga uzaytirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlardan keyin AQShda kiritilgan favqulodda vaziyat tartibini yana bir yilga uzaytirdi.

“2001 yil 14 sentyabrda favqulodda vaziyat tartibini kiritishga olib kelgan terrorchilik tahdidi hamon saqlanib qolmoqda. Shu sababli men terrorchilik hujumlariga javoban kiritilgan favqulodda vaziyat tartibi amal qilishi davom etishi kerak, deb hisobladim”, deya ta'kidlab o‘tgan Tramp kongressga yo‘llagan bildirishnomasida.

Favqulodda vaziyat tartibi prezidentga qo‘shimcha vakolatlar beradi. U bu vakolatlardan istalgan vaqtda foydalanishi mumkin.

AQShda favqulodda vaziyat terrorchilar samolyotlarni egallab olib, uni Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi minoralariga va Pentagonga yo‘llagandan 3 kun o‘tib kiritilgan. O‘shanda teraktlar oqibatida umumiy hisobda 3 mingga yaqin odam halok bo‘lgan. Prezident Kichik Jorj Bush favqulodda vaziyat kiritilishini AQShga yangi hujumlar sodir etilishi xavfi saqlanib qolinayotgani bilan tushuntirgan.

Qonunga ko‘ra, favqulodda vaziyat tartibi AQSh prezidenti o‘sha teraktlarning navbatdagi sanasi – 11 sentyabrdan keyin 90 kun ichida kongressga tartibning yana bir yilga uzaytirilishi kerakligi haqidagi bildirishnomani yubormasa yoki federal ro‘yxatda chop etmasa, uning amal qilishi avtomatik ravishda to‘xtaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top