19:30 / 13.09.2019
40
31389
Oliy ta'lim: Muammo va yechim

2019 yil 17 iyundagi №PQ-4359 sonli prezident qarori bilan jumladan, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalariga, o‘z xohishlariga ko‘ra to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi berildi. Bu huquqning berilishi kontrakt asosida o‘qiyotganlar uchun juda katta yengillik tug‘dirdi, shuningdek, ayniqsa, kontrakt to‘lovlarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgani xalqimiz tomonidan katta xursandchilik bilan qabul qilindi. Ushbu tartiblar joriy etilishi natijasida kontrakt to‘lovlari oylik ish haqlari oshirilganidan ko‘ra ko‘proq foizga oshirilgan bo‘lsada, oshirilgan miqdordagi to‘lovlarni to‘lashning qulay imkoniyati yaratildi. Joriy etilgan ushbu o‘zgarishlar mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida xalqona islohotlar amalga oshirilayotganining yana bir dalilidir.

Biroq, yuqoridagi prezident qarorining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihasida «to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalari stipendiyalardan voz kechish hisobiga yillik olinadigan stipendiya miqdoriga mos ravishda kamaytirilgan to‘lov-kontrakt pulini to‘lash huquqiga ega bo‘ladi» deb yozilgan edi. Shunga qaramasdan, mutasaddi vazirlik tomonidan, barcha uchun bir xil miqdorda stipendiya to‘lash tartibi joriy etilishi hamda stipendiyasiz kontrakt to‘lash ham aynan ana shu miqdordan kelib chiqib amalga oshirilishi bo‘yicha bildirilgan bayonoti bugungi kunda juda ko‘p munozara va e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Vazirlik tomonidan e'lon qilingan yangicha tartib talaba va o‘qituvchilar o‘rtasidagi tamagirlik holatlarining oldini olishiga xizmat qiladi deb izohlanayotgan bo‘lsa-da, stipendiya to‘lash tizimi umuman mavjud bo‘lmagan umumta'lim maktablarida, kasb-hunar kollejlarida va hattoki maktabgacha ta'lim muassasalarida ham korrupsiya mavjudligidan, yuqoridagi kabi xulosa qilish unchalik ham to‘g‘ri emasligini ko‘rsatadi. Shu bilan birgalikda, barcha o‘qituvchilar ham, barcha talabalar ham bu kabi noqonuniy ishlarga qo‘l urmaydi. Umuman aytganda, bu kabi noqonuniy holatlarga qarshi ijobiy natija beradigan mavjud tartiblardan voz kechish evaziga emas, balki nazoratni kuchaytirish va javobgarlikni oshirish, adolatli va shaffof baholash mexanizmlarini joriy etish kabi vositalar bilan kurashilgani maqsadga muvofiq.

Stipendiya miqdori talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga bog‘liq holda belgilanishi bugungi kundagi talabalar uchun yuqori bilim va baho olishga rag‘batlantiruvchi eng muhim omil bo‘lib qolmoqda. Agar barcha to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun bir xil miqdor belgilanib, o‘sha miqdordan kelib chiqib to‘lov-kontrakt pulini kamroq to‘lash tartibi joriy etiladigan bo‘lsa, oliy ta'lim muassasalaridagi talabalarning 70-80 foizini tashkil etuvchi to‘lov-kontrakt asosida ta'lim oluvchi talabalarning yuqori bilim va baho olishini rag‘batlantiruvchi eng muhim ta'sir kuchi qo‘ldan boy berilgan bo‘ladi. Shuningdek, har yili 1,5-2 trillion so‘mga yaqin stipendiya mablag‘lari samarali va maqsadli ishlatilishini kamaytiradi.

«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda bilimli bo‘lishni va iste'dodni rag‘batlantirish prinsipi ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari sifatida belgilangan. Shuning uchun, talabalarning yuqori darajada fanlarni o‘zlashtirishlarida va chuqur bilim olishlarida ular uchun muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘layotgan tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lash tizimini saqlab qolgan holda, stipendiya to‘lashdagi rejadan tashqari sarflarning oldini olish, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish va boshqa muammolarni bartaraf etish lozim.

Jumladan, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalariga to‘lovni har bir talabaning yillik olinadigan stipendiya miqdoriga mos ravishda kamaytirilgan holda to‘lash huquqi berilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Stipendiya talabalarga asosan o‘quv mashg‘ulotlari davrida ularning ijtimoiy muhofazalash hamda yuqori bilim olishni rag‘batlantirish maqsadida berilishini inobatga olib, stipendiyani faqatgina o‘quv rejalarida belgilangan o‘quv mashg‘ulotlari davrida hamda o‘quv mashg‘ulotlariga tenglashtirilgan davrda unda ishtirok etgan talabalargagina to‘lash tartibini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Natijada, birgina 2 oylik yozgi ta'til davri uchun tejaladigan stipendiya mablag‘lari bo‘yicha 16,6 foiz mablag‘ning iqtisod qilinishiga erishiladi. 

Bundan tashqari, talabalarga stipendiya tayinlashda har bir fan bo‘yicha olgan baholariga qarab emas, balki, semestrda barcha fanlardan olgan umumiy reyting ballining o‘rtacha ko‘rsatkichidan kelib chiqib ko‘p bosqichli stipendiya tayinlanishi ham talabalar bilimining ko‘p balli tizimda baholashning amaldagi reyting tizimi mazmun-mohiyatiga ko‘proq mos kelar edi hamda talabalarning imkon qadar yuqori ball olishga intilishlarini rag‘batlantirgan bo‘lardi.

Va nihoyat, barcha fanlardan har bir semestrda yakuniy baholash tartibi o‘rniga tegishli o‘quv yili yakunida yoki har bir fan o‘qitiladigan semestrlarning eng oxirgi semestridagina yakuniy baholash o‘tkazilishi tartibini joriy etish ham korrupsiya holatlari kamaytirilishiga xizmat qilar edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abduqodirov Abdurashid Tolibjonovich

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top