17:50 / 18.09.2019
3
25538
O‘zbekistondagi xufiyona iqtisodiyot hajmi hisoblab chiqildi va uning asosiy sabablari aniqlandi
Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda xufiyona iqtisodiyotning ko‘lami YaIMga nisbatan 40-50 foiz orasida o‘zgarib turadi. Bu haqda 17 sentabr kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida «O‘zbekistonda xufiyona iqtisodiyotni baholash va uning ko‘lamini qisqartirish yo‘llari» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida xabar qilindi.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda xufiyona iqtisodiyotning o‘rtacha darajasi YaIM 17,2 foizini tashkil qiladi, ammo bu ko‘rsatkich turli mamlakatlarda farq qiladi. Masalan, eng past ko‘rsatkich Shveytsariyada: 8,6 %, Xitoyda - 12,9 %, Rossiyada - 43,6 %, eng yuqori ko‘rsatkich Boliviyada - 66,4 %.

Tadbir davomida BMT Taraqqiyot dasturi maslahatchilari monetar uslublar asosida O‘zbekistonda xufiyona iqtisodiyot hajmini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari bilan bo‘lishdilar.

So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, xufiyona iqtisodiyotning asosiy iqtisodiy sabablari - soliqlar, yig‘imlar turlarining ko‘pligi va ularning miqdori. Bundan tashqari, ahamiyatlilik darajasiga ko‘ra, quyidagi sabablar aniqlandi: korxonalarda yetarli mablag‘ yo‘qligi, banklar bilan hisob-kitoblar, to‘lovlar, naqd pul mablag‘larini olish bilan bog‘liq muammolar, xizmat ko‘rsatish sifati, yuqori kredit stavkalari.

Iqtisodiy xarakterga ega bo‘lmagan asosiy sabablar - tadbirkorlarda zarur bilim va tajribaning yo‘qligi, boshqa tadbirkorlarning raqobati, ishlab chiqarish infratuzilmasining sifati, biznesni tashkil etish va olib borishda byurokratik to‘siqlar, korrupsiya va mulk huquqlarining himoyalanmaganligi hamda boshqalar. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top