Davlat soliq qo‘mitasining “Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va xufiyona iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish faktlarini aniqlashda yordam bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslarning ma'lumotlari davlat soliq xizmati organlari tomonidan amaldagi qonun hujjatlari, shuningdek, ushbu Nizom talablariga asosan ko‘rib chiqiladi.
Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi.
Quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma'lumot bergan jismoniy va yuridik shaxslar rag‘batlantiriladi:
yashirin ishlab chiqarish sexlari;
respublikamizga kontrabanda yo‘llari bilan olib kelingan tovarlar, shuningdek, kontrafakt va tegishli hujjatlari bo‘lmagan tovarlarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar (obektlar);
soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari, shu jumladan, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshirilayotgan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash “sxema”lari;
etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki muomalaga kiritish.
Mazkur Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lgan va huquqbuzarlik holati soliq nazorati tadbirida to‘liq isbotini topgan taqdirda, soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarni rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Davlat soliq qo‘mitasining my2.soliq.uz caytida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar reyestri shakllantiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar caytdagi “Soliq huquqbuzarligi haqida xabardormisiz?” rukni orqali yuboriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuboriladigan ma'lumotlarda quyidagilar ko‘rsatiladi:
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR), yashash manzili, telefon raqami, rag‘batlantirish bo‘yicha mablag‘ni tushirish uchun bank plastik kartochkasi raqami va tijorat banki nomi, huquqbuzarlik tavsifi, sodir etish aniq manzili;







