13:36 / 27.09.2019
0
3857
Yerdan samarali foydalanishda qanday muammolar borligi ochiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “2020 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish, mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda aytilishicha, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritishning davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, past rentabelli, suv ta'minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda agroklasterlarning tashkil etilishi hisobiga respublikamizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining raqobatbardoshligi ta'minlanmoqda va eksport imkoniyatlari kengaymoqda.

Shu bilan birga, sohada olib borilayotgan izchil islohotlarga qaramasdan, yerdan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish yo‘nalishida bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligi ularning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Xususan:

qishloq xo‘jaligi yer maydonlari bo‘yicha mavzuli elektron xaritalarning yaratilmaganligi va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishning sustligi hamda qishloq xo‘jalik yerlarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining turlari va hajmlari bo‘yicha elektron ma'lumotlar bazasining yaratilmaganligi mavjud maydonlarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish imkoniyatini pasaytirmoqda;

qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish agrotexnikasi, yer va suv resurslaridan foydalanish holatini geoaxborot tizimi orqali monitoring qilish, yerni masofadan zondlash tizimlaridan keng foydalanishning yo‘lga qo‘yilmaganligi sohada ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkoniyatlarini bermayapti;

davlat xususiy-sherikchilik shartlari asosidagi urug‘chilik klasterlarini tashkil qilish va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etilmaganligi sabzavot-poliz ekinlari joylashtiriladigan asosiy va takroriy maydonlarga ekinlarni navlar bo‘yicha joylashtirishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari marketingi bo‘yicha ishonchsiz ma'lumotlarning mavjudligi va marketing tadqiqotlari natijalari asosida bashoratlash tizimining takomillashmaganligi qishloq xo‘jaligi ekinlarini jahon bozori kon'yunkturasi talablaridan kelib chiqib joylashtirish imkoniyatlarini pasaytirmoqda;

mahalliy hokimliklarning qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish bo‘yicha investorlarni jalb qilish ishlariga jiddiy yondashmayotganligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish va eksportga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga to‘siq bo‘lmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top