22:53 / 30.09.2019
0
5606
Politsiya Hongkongda Xitoyning 70 yilligi kuni juda xavfli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi
Foto: RIA Novosti / Migel Kandela

Hongkongda 1 oktyabrda Xitoyning 70 yilligi kuniga belgilangan yirik norozilik marshi taqiqlandi. Bu haqda “Inson huquqlari fuqarolik fronti”ga (CHRF) iqtibos keltirgan holda DW nashri xabar berdi. 

Bundan tashqari, mahalliy OAV bir qator faollar, jumladan mahalliy siyosatchilar va aktyorlar hibsga olinganini ma'lum qilgan.  

CHRF’da ushbu hibsga olishlar qolgan namoyishchilarni qo‘rqitishga urinish deb hisoblanmoqda. Biroq tashkilotda bu taktika ish bermasligi, chunki Hongkong aholisi “taslim bo‘lmasligini allaqachon ko‘rsatib qo‘ygani” aytilgan. Faollar taqiqlovga qaramay marshni o‘tkazishmoqchi.

Bu orada politsiya Xitoy Milliy kuni Hongkongda juda xavfli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ta'kidlanishicha, radikal kayfiyatdagi namoyishchilar tomonidan terrorchilikka yaqin deb atalishi mumkin bo‘lgan hujumlar uyushtirilishi mumkinligi haqida razvedka ma'lumotlari olingan. Jumladan, go‘yoki namoyishchilar o‘z tarafdorlarini politsiya kiyimiga kiyinib olib, politsiyachilarni va boshqa odamlarni o‘ldirishga, AYoQShlar va binolarga o‘t qo‘yishga chaqirmoqdalar.

Shuningdek, bir necha oydan beri tugamayotgan namoyishlar sababli Xitoy tashkil topganining 70 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalar qisqartirilgan. Jumladan, Viktoriya bandargohi uzra otilishi rejalashtirilgan salyut bekor qilingan, ertalab bayroqlar ko‘tarilishi omma ishtirokisiz amalga oshiriladi. Mehmonlar xavfsizlik nuqtai nazaridan bu marosimni ko‘rgazma markazi ichidagi ekranlardan kuzatishadi.

Hongkong ma'muriyati rahbari Kerri Lam hamda bir necha vazirlar, jami 240 kishilik delegatsiya 30 sentyabrda Pekinga Tyananmen maydonida o‘tadigan harbiy paradda ishtirok etish uchun uchib ketgan. Lam 1 oktyabrdayoq Hongkongga qaytadi, bu vaqtda uning o‘rnini bosh kotib (bosh vazir) Mettyu Chjan egallab turadi.    

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top