21:04 / 04.10.2019
0
3140
Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi bilan 100 million dollargacha miqdorda kredit ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Foto: Getty Images

Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi mablag‘laridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Qarorda qayd etilishicha, Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi bilan paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini va yakuniy hisob-kitoblarni moliyalashtirish uchun 14 oygacha bo‘lgan muddatga yillik LIBOR+1,4 foizgacha foiz stavkasida 100 million AQSh dollarigacha miqdordagi kreditni 2 ta transh orqali ajratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Hujjatda ma'lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 28 fevraldagi 149-son qaroriga muvofiq paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish milliy valutada yillik 5 foiz stavkada, shu jumladan bankning 1,5 foiz miqdoridagi marjasi bilan ajratilishi belgilangan. 

Qarorda belgilanishicha, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi:

Moliya vazirligi va Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq bir martalik to‘lovlarni belgilangan muddatlarda to‘lab berilishini;

paxta xomashyosini yetishirish xarajatlarini va yakuniy hisob-kitoblarni moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan 100 million AQSh dollarigacha miqdordagi kredit bo‘yicha barcha xarajatlarni, shu jumladan valuta kurslari o‘rtasidagi va foiz to‘lovlarida yuzaga keladigan zararlarni jamg‘arma xarajatlariga olib borilishini hamda jalb qilingan kreditning belgilangan muddatlarda qaytarilishini; 

jalb qilinayotgan 100 million AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdordagi kreditni milliy valutaga konvertatsiya qilgan holda, paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini va yakuniy hisob-kitoblar milliy valutada moliyalashtirilishini ta'minlaydi.

Moliya vaziri o‘rinbosari O. Isakovga O‘zbekiston Respublikasi va Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi o‘rtasida tuziladigan “Paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini va yakuniy hisob-kitoblarni moliyalashtirish” loyihasi bo‘yicha “Murabaha” moliyaviy bitimini O‘zbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top