19:00 / 08.10.2019
0
3003
Qo‘shinlarda harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanishga hozirlash ishlari boshlandi
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda eng mas'uliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlari boshlandi. Ushbu kompleks tadbirlar harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida sozligini ta'minlash uchun o‘tkaziladi.

Bugun, 8 oktabr kuni Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni yozgi sharoitdan qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mashg‘ulotda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev, okrug qo‘mondonligi, harbiy xizmatchilar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

«Harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta'minlashda ularga ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati katta. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas'uldir», – dedi Dilshod Choriyev.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, okrug qo‘shinlari qo‘mondoni mashg‘ulotlar davomida harbiy texnikalarni soz va shay holatda asrashda ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati haqida ham harbiy xizmatchilarga aytib o‘tdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Ko‘rgazmali mashg‘ulotni tashkil etish uchun harbiy qismning harbiy texnikalarni saqlash parkida o‘nlab o‘quv nuqtalari tashkil etildi. U yerda jangovar mashina, tank, zirhli transportyor, maxsus texnika, transport va aloqa vositalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlarining ahamiyati, texnika xavfsizligi qoidalari, tashkil etilgan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, qurol-yarog‘ va texnikani ob-havoning past harorati hamda yog‘in-sochinli sharoitlarda ishlatish qoidalari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yo‘riqnoma berildi. 

Mazkur tadbirlarni bajarishda texnologik xaritalarga ko‘ra harbiy qismlardagi texnikalarda sovutish suyuqliklari almashtiriladi, har bir jangovar mashina agregat va tugunlari tekshiriladi, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari o‘tkaziladi, yoqilg‘i-moylash ashyolari yangisiga almashtiriladi, elektr va aloqa jihozlarining sozligi nazoratdan o‘tkaziladi», deyiladi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati xabarida.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga o‘tkazish yiliga ikki marta – bahor va kuzda tashkil etiladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Tadbir rejasiga ko‘ra oktabr oyining oxirigacha Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlaridagi mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalarning barchasi qishki mavsumda foydalanish uchun shay holatga keltiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top