18:41 / 21.10.2019
7
34101
Amaldorlarning asossiz kulgiga qolishi masalasiga yechim taklif qilindi

Axborot xizmatlari qoshida mansabdorlar bildirgan fikrlar OAVda noto‘g‘ri talqin qilinishining oldini olish uchun ekspertlar guruhi tuziladi.

Bosh prokuratura akademiyasi binosida «Prokuratura organlarining OAV bilan aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov tadbirni ochib berib, viloyat, tuman va shahar prokuraturalarining axborot xizmatlari faoliyati takomillashtirilishini aytdi.

«Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari kirib bormagan jabhaning o‘zi yo‘q. OAVda chiqayotgan materiallar doimiy monitoring qilib boriladi. Joriy yilning 9 oyida bosma va elektron ommaviy axborot vositalari tomonidan 904ta prokuratura organlari aralashuvi talab qilinadigan holatlar aniqlangan. Fuqarolar, tadbirkorlar buzilgan huquqlari tiklanish bo‘yicha ishlar qilindi. OAV bizga bu borada ko‘makchi bo‘lmoqda.

Prokuratura organlari tomonidan 9 oyda 90 240ta qonunchilik targ‘iboti bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. 76 673tasi ma'ruza, suhbatlarni tashkil qilsa, 13 567tasini ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar tashkil etgan.

Prokuratura organlari va OAV o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida hududlardagi, ya'ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi prokuraturalar axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirmoqchimiz. Takliflar ishlab chiqyapmiz. Ularning alohida veb-saytlari va telegram messenjeridagi kanallarini tashkil qilish bo‘yicha rejalarimiz mavjud.

Shuningdek, OAVdagi xabarlar bo‘yicha tanqidiy chiqishlar, muhokamalarga tezkorlik bilan munosabat bildirib boriladi», – deya Hayot Shamsutdinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Davlat boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Javohir Qudratov OAVda fikrlari noto‘g‘ri talqin qilinayotgan mansabdorlar fikrini aholiga to‘liq va sodda tilda yetkazish rejalashtirilayotganini ma'lum qildi.

«Biz Yevropaning rivojlangan davlatlari bilan hamkorlikni davom ettirmoqdamiz. Maqsadimiz – davlat tashkilotlarida faoliyat yuritadigan axborot olish xizmatini keng va samarali yo‘lga qo‘yish.

Birinchidan, davlat tashkilotlarining veb-saytlari faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ikkinchidan, jurnalist va blogerlarga tezkor axborot yetkazish tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Uchinchidan, ekspertlar va professional jurnalistlar guruhini tashkil qilish. Bundan asosiy maqsad – OAVda fikrlari noto‘g‘ri talqin qilinayotgan mansabdorlar fikrini aholiga to‘liq va sodda tilda yetkazish. Bu bilan ularning jamoatchilik o‘rtasida kulgiga qolishining oldini olish reja qilingan. Bu sohada ayniqsa ekspertlar o‘rni muhim hisoblanadi va bu guruh tashkilotlarning axborot xizmatlari qoshida tuzilishi rejalashtirilgan», deydi AOKA bo‘lim boshlig‘i.

Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi katta inspektori Husan Tengriyev ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

«Bir operativ tadbirda qatnashgan ikki organ vakillari turlicha ma'lumot bergan hollar ham kuzatilgan. Bu – o‘rtada hamkorlik yo‘qligi sababli bo‘lmoqda. Davlat tashkilotlari ham o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishi lozim.

Shuningdek, viloyatlardagi matbuot xizmatlari markaziy apparatdagi ish jarayoni bilan bir xil sur'atda ishlay olmayotgan hollar ham uchrab turibdi. Shu sababli, har bir davlat tashkiloti o‘zining viloyatlardagi matbuot xodimlari bilan yilda bir marta konferensiya o‘tkazib turishi yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi», – deydi u.

Yig‘ilishda Jurnalist va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi, dotsent Olimjon O‘sarov ham so‘zga chiqdi va sohadagi qator muammolarni tilga oldi.

«OAV bugun jamiyatda yaxshi tendensiyani boshladi. Ular muammolarni ko‘tarib, ochiqdan-ochiq tanqid qilmoqda. Lekin tanqidlar hamma vaqt ham natija berayotgani yo‘q. Go‘yoki, bu bir chiqish kabi material sifatida qaralmoqda.

Sho‘rolar davrida paydo bo‘lgan prokuratura organlari nisbatan odamlardagi qo‘rquv, ishonchsizlik saqlanib qolmoqda. Xalq bilan prokuratura organlarining o‘zaro uzviy muloqoti qoniqarli darajada deyishga hali vaqtli. Fuqarolarning onggidagi bu stereotiplarni bartaraf qilishda OAV yaqindan yordam berishi mumkin.

Jurnalistlar tomonidan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi 3-bandida keltirilgan norma ham qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Bunda aybsizlik prezumpsiyasi va tergov siri kabi tushunchalar hisobga olinishi lozim», – deydi Olimjon O‘sarov.

Ma'lumot uchun, «OAV to‘g‘risida»gi qonunning 6-modda 3-bandiga asosan, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e'lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta'sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top