So‘nggi 2-3 yilda OAVning amalda o‘z so‘zini ayta olayotgani axborot tarqatuvchilarga har xil ta'sir ko‘rsatdi. Kimdir berilgan imkoniyatdan oqilona foydalanib, jamiyatning o‘tkir muammolarini fosh qilyapti. Yana kimdir o‘z cho‘ntagini o‘ylab, shov-shuv ko‘tarish orqali mashhurlikka erishish ilinjida.

Shu bilan bir vaqtda, o‘ziga xos tendensiyaga aylangan «qovunlar mavsumi» ham davom etyapti. Markaziy davlat idoralari rahbarlari matbuot anjumanlarida qatnashishlari odatiy holga aylangan bir paytda, bu anjumanlarda ular tomonidan turli bahs-munozara va kinoyalarga sabab bo‘layotgan fikrlar yangrashi ham yangilik bo‘lmay qoldi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaning bozorchi ayollar haqidagi gapi, Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayevning bizdagi inflatsiyani Venesueladagisi bilan solishtirgani, Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitovning o‘zbekistonliklar juda ko‘p go‘sht yeyapti deb hisoblashi, bunga ketma-ket ravishda Energetika vazirligi tizimidagi tashkilot amaldorining biz go‘yoki «butun dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan ham ko‘proq elektr energiyasini iste'mol qilayotganimiz»ni aytgani va yana boshqa ko‘plab vaziyatlar xalqning mutasaddilarga ishonchi tushishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu kabi holatlarga OAV bilan munosabat o‘rnatish o‘zbek mansabdori uchun hozircha yangilik ekani, ularda jamoatchilik diqqat-markazidagi shaxs bo‘lish tajribasi kamligi sababmi? Yoki jurnalistlar sensatsiyaga berilishmoqdami? Bunday vaziyatlarda tashkilotlarning matbuot xizmatlari qanday o‘rin tutishi kerak? Qator mutaxassislarga shu kabi savollar bilan yuzlandik.

«Sensatsion materiallar «ko‘cha matbuoti» namunasiga aylanib qoldi»

Sevara O‘rinboyeva (jurnalist):

– Jurnalistika odamlarga ko‘zgu vazifasini bajarishi kerak. Bu ko‘zguda barcha tasvirlar qanday bo‘lsa, shunday aks etishi zarur. Afsuski, bugun ayrim jurnalistlar odamlarga mana shu ko‘zguni tutishda sensatsiyaning ortidan quvib, xolislikdan uzoqlashib, zamonaviy tilda aytganda «fotoshop» holatlarni ko‘rsatishga urinyapti.