10:56 / 23.10.2019
2
63587
O‘zbekistondan ko‘proq valuta olib chiqishga ruxsat berildi
Foto: AFP/ BAY ISMOYO

“Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valuta siyosatini erkinlashtirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi qonun bir qator me'yorlar va mexanizmlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unda valutani tartibga solish va valutani nazorat qilishning asosiy tamoyillari belgilandi. 

Xususan:

valutani tartibga solish hamda valutani nazorat qilish tizimining yagonaligi;

valutani tartibga solish va valutani nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi;

rezidentlar va norezidentlarning valuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi asosiy tamoyillar sifatida belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, milliy valutaning mavqeini kuchaytirish maqsadida, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar milliy valutada undirilishi, tovar va xizmatlar uchun narxlar hamda jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valutada o‘rnatilishi qonun darajasida belgilandi.

Shu bilan birga:

valuta operatsiyalarini amalga oshirishda rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valutasidagi mablag‘larning erkin tasarruf etilishi;

valuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bir qator ruxsat berish tartibotlarining bekor qilinishi;

tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni O‘zbekiston Respublikasiga repatriatsiya qilish bo‘yicha talablar;

rezident jismoniy shaxslar tomonidan xorijda cheklovlarsiz hisobvaraqlar ochishga ruxsat berilishi;

jismoniy shaxslar o‘rtasida nosavdo valuta operatsiyalari bo‘yicha 100 mln. so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi pul o‘tkazmalari amalga oshirilishi mumkinligi;

jismoniy shaxslar tomonidan 100 mln. so‘m ekvivalentidan oshmagan miqdordagi naqd pul mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan erkin olib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunning yangi tahririda valuta operatsiyalarining amaliyotdagi mavjud turlari qamrab olindi hamda qonunchilikdagi havola qiluvchi normalar maksimal darajada qisqartirildi va mazkur qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat bo‘ladi.

Ma'lumot uchun: 100 mln so‘m hozirgi vaqtda 10 500 dollardan ortiqroqni tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top